17-modda. Baholash toʻgʻrisidagi hisobot mazmuniga oid talablar
“Baholash faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-208-son) · Sana: 09.04.2009 · Amalda
Baholash obyektini baholashdan oʻtkazish natijalari baholash toʻgʻrisidagi hisobot bilan rasmiylashtiriladi.
Baholash toʻgʻrisidagi hisobotda quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:
baholash toʻgʻrisidagi hisobot tuzilgan sana va uning tartib (roʻyxatdan oʻtkazilganlik) raqami;
baholash obyektini baholashdan oʻtkazish uchun asos;
baholash obyektini baholashning maqsadi;
baholash obyektining aniqlanadigan qiymati turi;
baholovchi tashkilotning nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) va unga berilgan, baholash faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
baholash obyektini baholashdan oʻtkazgan baholovchining (baholovchilarning) malaka sertifikati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
baholash obyektining uning qiymatini aniqlash sanasidagiga aynan identifikatsiya qilish imkonini beradigan tavsifi, shuningdek baholash obyekti mulkdorining rekvizitlari;
baholash standartlari, ulardan foydalanish uchun asos, baholash obyektini baholashdan oʻtkazishda foydalanilgan maʼlumotlarning mazkur maʼlumotlar olingan manbalar koʻrsatilgan holdagi roʻyxati;
baholash obyektini baholashdan oʻtkazish izchilligi, shuningdek olingan natijani qoʻllanish chegaralari;
baholash obyektining qiymati aniqlangan sana;
baholovchi tashkilot foydalanadigan hamda baholash obyektining miqdor va sifat xususiyatlarini belgilaydigan hujjatlar roʻyxati.
Agar baholash obyektini baholash bir nechta baholovchi tomonidan oʻtkazilgan boʻlsa, baholash toʻgʻrisidagi hisobotni tayyorlash jarayonida ular tomonidan bajarilgan ish baholash toʻgʻrisidagi hisobotda koʻrsatiladi.
Agar baholash obyektini baholashdan oʻtkazishda bozor qiymatidan farqlanuvchi qiymat aniqlangan boʻlsa, baholash toʻgʻrisidagi hisobotda bahoni aniqlash mezonlari va baholash obyektining bozor qiymatini aniqlash imkoniyatidan voz kechish sabablari koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Baholash toʻgʻrisidagi hisobotda baholash obyekti qiymatini asoslash uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar ham koʻrsatilishi mumkin.
Baholash obyektlarining ayrim turlarini baholashdan oʻtkazish uchun qonun hujjatlarida baholash toʻgʻrisidagi hisobotlarning maxsus shakllari nazarda tutilishi mumkin.
