8-modda. Qimmatli qogʻozlar bozorida vositachilik
Qimmatli qogʻozlar bozorining faoliyat koʻrsatish mexanizmi toʻgʻrisida (218-I-son) · Sana: 25.04.1996 · Amalda
Qimmatli qogʻozlar bozorida vositachilikni investitsiya vositachilari amalga oshiradilar.
Qimmatli qogʻozlar bozorida brokerlik va (yoki) dilerlik faoliyatini amalga oshirayotgan investitsiya instituti investitsiya vositachisi hisoblanadi.
Topshiriq shartnomalari yoki vositachilik haqi asosida yoxud bitimlar tuzish uchun berilgan ishonchnoma asosida ish olib borib, vakolatli shaxs yoki vositachi sifatida qimmatli qogʻozlar yuzasidan fuqarolik-huquqiy bitimlarni amalga oshirish brokerlik faoliyati hisoblanadi.
Muayyan qimmatli qogʻozlarni sotib olish va (yoki) sotish narxlarini oshkora eʼlon qilish hamda ushbu qimmatli qogʻozlarni eʼlon qilingan narxlari boʻyicha sotib olish va (yoki) sotish majburiyatini olish yoʻli bilan oʻz nomidan va oʻz hisobidan qimmatli qogʻozlarga doir oldi-sotdi bitimlarini tuzish dilerlik faoliyati hisoblanadi.
