60-modda. Kadrlarni tayyorlash va texnik yordam
Korrupsiyaga qarshi · Sana: 31.10.2003 · Amalda
1. Har bir ishtirokchi Davlat, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurash uchun masʼul boʻlgan oʻz xodimlarini tayyorlash boʻyicha, lozim deb topilgan darajada, dasturlarni ishlab chiqadi, amalga oshiradi yoki takomillashtiradi. Kadrlarni tayyorlash boʻyicha bunday dasturlar, boshqalari bilan bir qatorda, quyidagi sohalarga tegishli boʻlishi mumkin:
a) korrupsiyaga oid harakatlarni oldini olish, aniqlash va tekshirish, shuningdek ular uchun jazolash, jumladan isbot-dalillar toʻplash va tekshiruv metodlari boʻyicha samarali choralar;
b) korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha strategik siyosatni ishlab chiqish va rejalashtirish sohasida potensial yaratish;
s) mazkur Konvensiya talablariga javob beradigan oʻzaro huquqiy yordam toʻgʻrisidagi iltimosnomalarni tuzish masalalari boʻyicha vakolatli organlarning xodimlarini tayyorlash;
d) ommaviy xizmat muassasalari, boshqarmalarini va ommaviy moliyaviy mablagʻlar, shu jumladan ommaviy xaridlar va xususiy sektor boshqarmalarini baholash va mustahkamlash;
e) mazkur Konvensiyada jinoyat deb tan olingan xatti-harakatlar orqali orttirilgan jinoiy daromadlarning joydan-joyga koʻchirilishini aniqlash, shuningdek bunday daromadlarni muomaladan chiqarish;
f) mazkur Konvensiyada jinoyat deb tan olingan xatti-harakatlar orqali orttirilgan jinoiy daromadlarning joydan-joyga koʻchirish boʻyicha operatsiyalarni aniqlash va toʻxtatish;
g) mazkur Konvensiyada jinoyat deb tan olingan xatti-harakatlar orqali orttirilgan jinoiy daromadlarning joydan-joyga koʻchirilishini va joydan-joyga koʻchirish, yashirish va berkitish metodlarini kuzatish;
h) mazkur Konvensiyada jinoyat deb tan olingan xatti-harakatlar orqali orttirilgan jinoiy daromadlarni muomaladan chiqarishga yordam beruvchi tegishli va samarali huquqiy hamda maʼmuriy mexanizmlar va metodlar;
i) jabrlanuvchilar va sud organlari bilan hamkorlik qiladigan guvohlarni himoya qilishda foydalaniladigan metodlar;
j) milliy va xalqaro qoidalarga, shuningdek tillarni oʻrganishga taalluqli masalalar boʻyicha xodimlarni tayyorlash.
2. Ishtirokchi Davlatlar, oʻz imkoniyatlarini hisobga olgan holda, bir-birlariga keng miqyosda, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlar manfaatlari uchun, ularning korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha muvofiq rejalari va dasturlari munosabati bilan tegishli texnik yordam berish, jumladan moddiy qoʻllab-quvvatlash va mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatilgan sohalarda kadrlarni tayyorlash, shuningdek ishtirokchi Davlatlar oʻrtasidagi xalqaro hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash imkoniyatini yaratadigan kadrlarni tayyorlash va yordam koʻrsatish hamda tegishli tajriba va maxsus bilimlarni almashish masalasini koʻrib chiqadilar.
