44-modda. Ushlab berish
Korrupsiyaga qarshi · Sana: 31.10.2003 · Amalda
1. Ushbu modda mazkur Konvensiyada jinoyat deb tan olingan jinoiy xatti-harakatlarga nisbatan, agar ushlab berilishi lozim boʻlgan shaxs soʻrov berilgan ishtirokchi Davlat hududida boʻlsa va sodir etilgan xatti-harakat soʻrov berilgan ishtirokchi Davlatda ham, soʻrov berayotgan ishtirokchi Davlatda ham jinoiy jazoga loyiq deb topilishi shartida qoʻllaniladi
2. Ishtirokchi Davlat, mazkur moddaning 1-bandida keltirilgan holatlardan qatʼiy nazar, oʻzining ichki qonunchiligida jinoiy jazoga loyiq deb topilmagan, lekin mazkur Konvensiyada koʻzda tutilgan biron jinoyat bilan bogʻliq shaxsni, agar uning qonunchiligi bunga yoʻl qoʻysa, ushlab berishga ruxsat berishi mumkin.
3. Agar ushlab berish toʻgʻrisidagi iltimos bir nechta alohida jinoyatlar xususida boʻlsa va ularning hech boʻlmaganda bittasi mazkur moddaga koʻra ushlab berilishga olib kelsa, boshqalari esa jazo berilishi muddatlari boʻyicha ushlab berishni istisno qilsayu, lekin mazkur Kovensiyada jinoyat deb tan olingan xatti-harakatlar sirasiga kirsa, soʻrov berilayotgan ishtirokchi Davlat ushbu jinoyatlarga nisbatan ham mazkur moddani qoʻllashi mumkin.
4. Mazkur modda qoʻllaniladigan va ushlab berilishiga olib keladigan jinoyatlarning har biri ushlab berish toʻgʻrisida ishtirokchi Davlatlar oʻrtasida tuzilgan istalgan shartnomaga jinoyat sifatida kiritilgan deb hisoblanadi. Ishtirokchi Davlatlar, bu kabi jinoyatlarni, ushlab berilishiga olib keladigan jinoyatlar sifatida ushlab berish toʻgʻrisidagi oʻzaro tuziladigan shartnomalarga kiritish majburiyatini oladilar. Ishtirokchi Davlat, agar ushlab berish uchun asos sifatida mazkur Konvensiyadan foydalansa, mazkur Kovensiyada jinoyat deb topilgan istalgan jinoiy xatti-harakatlarni, agar uning qonunchiligi bunga yoʻl qoʻysa, siyosiy jinoyat deb tan olmaydi.
5. Agar ishtirokchi Davlat ushlab berishni shartnoma mavjudligi bilan shartlab beradigan boʻlsa, ushlab berish toʻgʻrisida u bilan shartnoma tuzmagan boshqa ishtirokchi Davlatdan ushlab berish haqida iltimosnoma olganida, u mazkur modda qoʻllaniladigan istalgan jinoyat bilan bogʻliq ushlab berish uchun mazkur Konvensiyani asos sifatida qoʻllashi mumkin.
6. Ushlab berishni shartnomaning mavjudligi bilan shartlab beruvchi ishtirokchi Davlat:
a) oʻzining ratifikatsion yorligʻini yoki mazkur Konvensiyani qabul qilishi yoki tasdiqlashi yoxud unga qoʻshilishi toʻgʻrisidagi hujjatni saqlash uchun topshirayotganida ushlab berish masalalari boʻyicha boshqa Davlatlar — mazkur Konvensiyaning boshqa ishtirokchilari bilan hamkorlik qilish uchun mazkur Konvensiyadan huquqiy asos sifatida foydalanishi toʻgʻrisida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga maʼlumot beradi.
