42-modda. Sudlovga taalluqlilik (Yurisdiksiya)
Korrupsiyaga qarshi · Sana: 31.10.2003 · Amalda
1. Har bir ishtirokchi Davlat mazkur Konvensiyada jinoyat deb topilgan jinoiy xatti-harakatlarga nisbatan oʻzining sud qilish huquqini belgilash uchun talab qilinishi mumkin boʻlgan choralarni koʻradi, qachonki:
a) jinoyat ushbu ishtirokchi Davlatning hududida sodir etilsa, yoki
b) jinoyat sodir etilishi ushbu ishtirokchi Davlatning bayrogʻi ostidagi kemada yoki jinoyat sodir etilishi vaqtida ushbu ishtirokchi Davlat qonunchiligiga muvofiq roʻyxatdan oʻtgan havo kemasi bortida roʻy bersa.
2. Ishtirokchi Davlat, shuningdek, mazkur Konvensiyaning 4-moddasiga rioya qilish shartida, istalgan jinoyatga nisbatan sud qilish huquqini belgilashi mumkin, qachonki:
a) jinoyat ushbu ishtirokchi Davlat fuqarosiga nisbatan sodir etilgan boʻlsa, yoki
b) jinoyat ushbu ishtirokchi Davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan, odatda, uning hududida istiqomat qiluvchi shaxs tomonidan sodir etilgan boʻlsa, yoki
s) jinoyat mazkur Konvensiyaning 23-moddasi, 1(b)(ii) bandiga muvofiq tan olingan jinoyatlarning biri hisoblansa va ushbu ishtirokchi Davlat hududining tashqarisida mazkur Konvensiyaning 23-moddasi, 1(a)(i) yoki (ii) yoki (b)(i) bandiga muvofiq jinoyat deb topilgan jinoiy xatti-harakatlarni sodir etish maqsadida uning hududida amalga oshirilgan boʻlsa, yoki
d) jinoyat ushbu ishtirokchi Davlatga qarshi sodir etilgan boʻlsa.
3. Mazkur Konvensiyaning 44-moddasining maqsadlari uchun har bir ishtirokchi Davlat jinoyatni sodir etishda gumon qilinayotgan shaxs uning hududi chegaralarida boʻlsada, lekin faqatgina oʻzining fuqarolaridan biri boʻlganligi sababli ushbu shaxsni ushlab bermayotgan boʻlsa, u holda mazkur Konvensiyada jinoyat deb topilgan jinoiy xatti-harakatlarga nisbatan oʻzining sud qilish huquqini belgilash uchun talab qilinishi mumkin boʻlgan choralarni koʻradi.
4. Har bir ishtirokchi Davlat, shuningdek, jinoyatni sodir etishda gumon qilinayotgan shaxs uning hududi chegaralarida boʻlib, u ushbu shaxsni ushlab bermasa, mazkur Konvensiyada jinoyat deb topilgan jinoiy xatti-harakatlarga nisbatan oʻzining sud qilish huquqini belgilash uchun talab qilinishi mumkin boʻlgan choralarni ham koʻrishi mumkin.
5. Agar oʻzining sud qilish huquqini mazkur moddaning 1- yoki 2-bandiga koʻra amalga oshiruvchi ishtirokchi Davlat boshqa ishtirokchi Davlatlar xuddi oʻsha harakatlar xususida tekshiruv, jinoiy ish yoki sud ishi olib borayotganlari haqida bildirish xati olsa yoki boshqacha tarzda bu haqda xabar topsa, u holda ushbu ishtirokchi Davlatlarning vakolatli organlari, tegishli holatlarda, oʻz harakatlarini muvofiqlashtirish maqsadida bir-birlari bilan oʻzaro maslahatlashadilar.
