273-modda. Mehnatga doir ayrim ishlar boʻyicha qarorlarni darhol ijro etish
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi gʻayriqonuniy ravishda bekor qilinganda uni ishga tiklash, shuningdek mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari taʼrifini oʻzgartirish toʻgʻrisida sud chiqargan hal qiluv qarori yoki gʻayriqonuniy ravishda boshqa ishga oʻtkazilgan xodimni avvalgi ishiga tiklash haqida mehnat nizolarini koʻruvchi organ chiqargan qaror darhol ijro etilishi lozim. Ish beruvchi tomonidan bunday qarorning ijrosi kechiktirilgan taqdirda, qarorni qabul qilgan mehnat nizolarini koʻruvchi organ ijro kechiktirilgan barcha vaqt uchun xodimga oʻrtacha ish haqi toʻlash yoki ish haqidagi farqni toʻliq miqdorda toʻlash haqida tegishincha ajrim yoki qaror chiqaradi. Agar gʻayriqonuniy ravishda boshqa ishga oʻtkazilgan xodim mehnat nizolari komissiyasi tomonidan berilgan guvohnoma asosida komissiya qarorini majburiy ravishda ijro ettirishni soʻrab sudga murojaat qilgan boʻlsa, sud mehnat nizolari komissiyasi qarorining ijrosi kechiktirilganligi tufayli yuzaga kelgan majburiy progul vaqti uchun xodimga ish haqi toʻlash toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.
Mehnat nizolarini koʻruvchi organning xodimga uch oydan koʻp boʻlmagan muddat uchun ish haqini toʻlash toʻgʻrisidagi qarori ham darhol ijro etilishi lozim.
