272-modda. Mehnat shartnomasini bekor qilish sababining taʼrifini oʻzgartirish
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Mehnat shartnomasini bekor qilish sababining taʼrifi notoʻgʻri yoki amaldagi qonunchilikka nomuvofiq deb topilgan taqdirda, sud uni oʻzgartiradi va hal qiluv qarorida qonunning tegishli moddasi (bandi) koʻrsatilgan holda mehnat shartnomasini bekor qilish sababini amaldagi qonunchilikka aniq muvofiq qilib koʻrsatadi. Sud ayni bir vaqtda qonunchilikda nazarda tutilgan kafolatlar berilishi toʻgʻrisidagi va xodimga toʻlanishi lozim boʻlgan ishdan boʻshatish nafaqasining miqdori haqidagi masalani hal qiladi.
Xodimning iltimosiga koʻra sud mehnat shartnomasini bekor qilish asosining taʼrifini uning oʻz xohishiga binoan yoki taraflarning kelishuvi boʻyicha deb oʻzgartirilganligi toʻgʻrisida hal qiluv qarori chiqarish bilan cheklanishi mumkin.
Basharti xodim mehnat shartnomasini bekor qilishning taʼrifi oʻzining shaʼni va qadr-qimmatini kamsitgan deb hisoblasa, u holda tuman (shahar) sudi nizoni koʻrish bilan bir vaqtda, xodimning talabiga koʻra, unga yetkazilgan maʼnaviy zararni toʻlash masalasini ham hal etadi.
