264-modda. Yakka mehnat nizolarini komissiyada koʻrib chiqish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Mehnat nizolari komissiyasi mehnat nizosini ariza berilgan kundan eʼtiboran oʻn kun muddat ichida koʻrib chiqishi shart. Nizo ariza bergan xodimning ishtirokida koʻriladi. Xodimning ishtirokisiz nizoni koʻrib chiqishga uning yozma arizasi boʻlgan taqdirdagina yoʻl qoʻyiladi. Basharti xodim uzrsiz sabab bilan komissiya majlisiga kelmasa, mazkur arizani koʻrib chiqishni kun tartibidan olib tashlash xususida qaror qabul qilinishi mumkin, bu esa xodimni takroran ariza bilan murojaat etish huquqidan mahrum qilmaydi.
Xodim, kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi mehnat nizosi koʻrib chiqilishida ishtirok etish uchun advokat taklif qilish huquqiga ega.
Mehnat nizolari komissiyasi majlisga guvohlarni chaqirtirish, mutaxassislarni taklif qilish, ish beruvchidan zarur hisob-kitoblar va hujjatlar taqdim etishini talab qilish huquqiga ega.
Majlisda komissiyaning ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlar boshqa vakillik organi vakillaridan iborat teng miqdordagi aʼzolari ishtirok etishlari kerak.
Mehnat nizolari komissiyasining har bir majlisida raislik vazifasini ish beruvchining va kasaba uyushmasi qoʻmitasining yoki xodimlar boshqa vakillik organining vakillari navbatma-navbat bajaradilar. Bunda bir majlisning oʻzida raislik va kotiblik vazifasini bir tarafning vakillari bajarishi mumkin emas.
Komissiyaning har bir majlisida taraflar tomonidan keyingi majlisning raisi va kotibi tayinlanadi, ularga majlisni tayyorlash va chaqirish vazifasi yuklatiladi.
Mehnat nizolari komissiyasining majlisida bayonnoma yuritiladi.
