187-modda. Xodimga toʻlanishi lozim boʻlgan zarar
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Oʻz mehnat vazifalarini bajarishi munosabati bilan yoki mehnat qilish imkoniyatidan gʻayriqonuniy ravishda mahrum etilganligi natijasida xodimga, boquvchisi ish bilan bogʻliq holda vafot etgan taqdirda esa, — uning oila aʼzolariga (192-moddaning birinchi qismi) yetkazilgan har qanday zararni (shu jumladan, maʼnaviy zararni) ish beruvchi, basharti ushbu Kodeksda boshqacha holat nazarda tutilmagan boʻlsa, toʻliq hajmda toʻlaydi.
Maʼnaviy zarar (jismoniy yoki ruhiy azoblar) pul shaklida yoki boshqa moddiy shaklda hamda ish beruvchi va xodim oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq ravishda, xodim mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq holda vafot etgan taqdirda esa, — ish beruvchi va vafot etgan xodimning oila aʼzolari oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq ravishda belgilangan miqdorda qoplanadi. Maʼnaviy zararni qoplash yuzasidan nizo kelib chiqqan taqdirda, bu masala sudda koʻrib chiqiladi.
