150-modda. Ish haqi saqlanmagan holda beriladigan taʼtillar
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Xodimning arizasiga koʻra unga ish haqi saqlanmagan holda taʼtil berilishi mumkin, uning davomiyligi xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra belgilanadi, lekin u oʻn ikki oylik davr mobaynida jami uch oydan ortiq boʻlmasligi kerak.
Quyidagi xodimlarga ularning xohishiga koʻra, ish haqi saqlanmagan holda muqarrar tartibda taʼtil beriladi:
1941 — 1945-yillardagi urush qatnashchilariga va imtiyozlari jihatidan ularga tenglashtirilgan shaxslarga — har yili oʻn toʻrt kalendar kunga qadar;
ishlayotgan I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga — har yili oʻn toʻrt kalendar kunga qadar;
ikki yoshdan uch yoshgacha boʻlgan bolani parvarish qilayotgan ayollarga (234-modda);
oʻn ikki yoshga toʻlmagan ikki va undan ortiq bolani tarbiyalayotgan ayollarga — har yili oʻn toʻrt kalendar kunga qadar (232-modda);
mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlarda, shuningdek mehnat shartnomasi shartlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
