144-modda. Taʼtillarni berish vaqti va navbati
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Yillik taʼtillarni berish navbati kalendar yil boshlangunga qadar ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib tasdiqlanadigan jadvalga muvofiq belgilanadi.
Taʼtil berish vaqti haqida xodim taʼtil boshlanishidan kamida oʻn besh kun oldin xabardor qilinishi kerak.
Quyidagi xodimlarga taʼtil ularning xohishiga koʻra yozgi yoki ular uchun qulay boʻlgan boshqa vaqtda berilishi kerak:
oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bitta yoki undan ortiq bolani (oʻn olti yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan bolani) tarbiyalayotgan yolgʻiz ota, yolgʻiz onaga (beva erkaklar, beva ayollar, nikohdan ajrashganlar, yolgʻiz onalarga) va muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilarning xotinlariga;
I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga;
1941 — 1945-yillardagi urush qatnashchilariga va imtiyozlari boʻyicha ularga tenglashtirilgan shaxslarga;
oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarga;
taʼlim muassasalarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oʻqiyotganlarga (250-modda);
jamoa shartnomasi, kelishuvida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Ishlayotgan erkaklarga yillik taʼtil ularning xohishlariga binoan xotinlarining homiladorlik va tugʻish taʼtili davrida beriladi.
Taʼtildan foydalanishning jadvalda belgilangan vaqti xodim bilan ish beruvchining kelishuviga binoan oʻzgartirilishi mumkin.
