143-modda. Taʼtillarni berish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Yillik asosiy taʼtil birinchi ish yili uchun olti oy ishlangandan keyin beriladi.
Ish yili mehnat shartnomasiga binoan ish boshlangan kundan eʼtiboran hisoblanadi.
Taʼtil quyidagi xodimlarga ularning xohishi boʻyicha olti oy oʻtmasdan oldin beriladi:
ayollarga — homiladorlik va tugʻish taʼtili oldidan yoki undan keyin;
I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga;
oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarga;
muddatli harbiy xizmatdan rezervga boʻshatilgan va ishga joylashgan harbiy xizmatchilarga;
oʻrindoshlik asosida ishlayotganlarga — asosiy ish joyidagi taʼtil bilan bir vaqtda, oʻrindoshlik asosida ishlagan vaqtiga mutanosib ravishda haq toʻlagan holda;
ishlab chiqarishdan ajralmagan holda umumiy taʼlim maktablarida, oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar oʻquv yurtlarida, kadrlarning malakasini oshirish, ularni tayyorlash va qayta tayyorlash institutlari va kurslarida oʻqiyotganlarga, agar ular oʻzlarining yillik taʼtillarini imtihonlar, sinovlar (zachyotlar) topshirish, diplom, kurs, laboratoriya va boshqa oʻquv ishlarini bajarish vaqtiga toʻgʻrilab olishni xohlasalar;
texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi oʻzgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ishlar xususiyati oʻzgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan ishdan ozod etilgan xodimlarga (100-modda ikkinchi qismining 1-bandi).
Maktablar, oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar oʻquv yurtlari, kadrlarning malakasini oshirish, ularni tayyorlash va qayta tayyorlash institutlari va kurslarining muallimlar tarkibiga birinchi ish yilida yillik taʼtil ularning mazkur oʻquv yurtiga ishga kirgan vaqtidan qatʼi nazar haqiqiy ishlagan vaqtiga mutanosib ravishda haq toʻlagan holda yozgi taʼtil davrida toʻliq beriladi.
Taʼtil har yili, shu taʼtil berilayotgan ish yili tugagunga qadar berilishi lozim.
Ishlab chiqarish tusidagi sabablarga koʻra joriy yilda taʼtilni toʻliq berish imkoni boʻlmagan alohida hollarda, xodimning roziligi bilan taʼtilning oʻn ikki ish kunidan ortiq boʻlgan qismi keyingi ish yiliga koʻchirilishi mumkin, shu yili undan albatta foydalanilmogʻi lozim.
Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan xodimlarga yillik taʼtilni, shuningdek ushbu Kodeksning 137-moddasida koʻrsatilgan yillik qoʻshimcha taʼtillarni bermaslik taqiqlanadi.
Yillik asosiy taʼtil ikkinchi va undan keyingi ish yillari uchun taʼtillar jadvaliga muvofiq ish yilining istalgan vaqtida beriladi.
