110-modda. Mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga tegishli ish haqini ish beruvchi tomonidan toʻlash muddatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinganda xodimga tegishli ish haqi, uning miqdori xususida nizo boʻlmasa:
1) mehnat shartnomasi bekor qilingan kunga qadar ishlayotgan xodimga, — mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni;
2) mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ishlamayotgan xodimga, — u hisob-kitob qilishni talab etgan kuni toʻlanishi kerak.
Mehnat shartnomasi xodimning tashabbusi bilan bekor qilinganda unga tegishli ish haqi, uning miqdori xususida nizo boʻlmasa:
1) qonun boʻyicha yoki shartnomaga muvofiq mehnat shartnomasini bekor qilish haqida ish beruvchini ogohlantirishi shart boʻlgan xodimga, — ogohlantirishiga koʻra u ishni tashlab ketishga haqli boʻlgan kundan kechiktirmasdan;
2) mehnat shartnomasini bekor qilishi haqida ish beruvchini ogohlantirishi shart boʻlmagan xodimga, — ishdan ketgan kunining ertasidan kechiktirmasdan toʻlanishi lozim.
Mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga tegishli haqning miqdori yuzasidan nizo chiqqan taqdirda, xodimga shak-shubhasiz tegadigan summani ish beruvchi ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan muddatlarda toʻlashi shart.
