107-modda. Mehnat shartnomasini bekor qilishni rasmiylashtirish
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Mehnat shartnomasini bekor qilish ishga qabul qilish huquqiga ega boʻlgan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi va buyruq bilan rasmiylashtiriladi.
Oxirgi ish kuni mehnat shartnomasi bekor qilingan kun deb hisoblanadi.
Ish beruvchining buyrugʻida mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari ushbu Kodeksning 87, 89, 97, 100, 105, 106-moddalari taʼrifiga yoki mehnat shartnomasini bekor qilishning qoʻshimcha asoslarini nazarda tutuvchi boshqa normativ hujjatlar taʼrifiga toʻla muvofiq holda yozilib, Kodeksning yoxud boshqa normativ hujjatlarning tegishli moddasi (bandi) dalil qilib koʻrsatiladi.
Mehnat shartnomasi xodimning tashabbusi bilan uning kasalligi, nogironligi, yoshga doir pensiyaga chiqishi, oliy yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar oʻquv yurti yoxud tayanch doktoranturaga yoki doktoranturaga qabul qilinishi va qonunchilikka koʻra muayyan imtiyozlar va afzalliklar beriladigan boshqa sabablar tufayli bekor qilinganda mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi buyruqda shu sabablar koʻrsatiladi.
