106-modda. Mehnat shartnomasining taraflar ixtiyoriga bogʻliq boʻlmagan holatlar boʻyicha bekor qilinishi
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Mehnat shartnomasi quyidagi hollarda bekor qilinadi:
1) xodim harbiy yoki muqobil xizmatga chaqirilgan taqdirda;
2) shu ishni ilgari bajarib kelgan xodim ishga tiklangan taqdirda, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati va Senatida doimiy asosda ishlagan Senat aʼzosi vakolatlari muddati tugaganligi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi hamda Senati tarqatib yuborilganligi munosabati bilan avvalgi lavozimiga (ishiga) qaytgan taqdirda;
3) xodimni jazoga mahkum etgan sudning hukmi qonuniy kuchga kirgan taqdirda, basharti buning natijasida xodim avvalgi ishini davom ettirish imkoniyatidan mahrum etilgan boʻlsa, shuningdek xodim sudning qaroriga binoan ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasasiga yoʻllangan taqdirda;
4) ishga qabul qilish yuzasidan belgilangan qoidalar buzilganligi munosabati bilan, agar yoʻl qoʻyilgan qoidabuzarlikni bartaraf etishning imkoni boʻlmasa va u ishni davom ettirishga toʻsqinlik qilsa;
5) xodimning vafoti munosabati bilan;
6) qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda.
