40-modda. Ijtimoiy taʼminot yoki maxsus taʼlim psixiatriya muassasasidan boshqasiga oʻtkazish va chiqarish
Psixiatriya yordami toʻgʻrisida (123-II-son) · Sana: 31.08.2000 · Amalda
Shaxsni ijtimoiy taʼminot yoki maxsus taʼlim psixiatriya muassasasidan umumiy tipdagi shunday muassasaga oʻtkazish uchun shifokor psixiatr ishtirokidagi tibbiy komissiyaning ixtisoslashtirilgan psixiatriya muassasasida yashashi yoki taʼlim olishi uchun tibbiy zarurat yoʻqligi haqidagi xulosasi asos hisoblanadi.
Ijtimoiy taʼminot yoki maxsus taʼlim psixiatriya muassasasidan chiqarish:
shifokor psixiatr ishtirokidagi tibbiy komissiyaning shaxs sogʻligʻi holatiga koʻra mustaqil ravishda yashashga layoqatliligi toʻgʻrisidagi xulosasi boʻlsa, shaxsning shaxsiy arizasiga binoan;
chiqarilayotgan shaxsning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakilining, oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan shaxsni yoki qonunda belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxsni parvarishlash majburiyatini zimmasiga olayotgan qarindoshlarining arizasiga binoan amalga oshiriladi.
