34-modda. Psixiatriya statsionarida davolanuvchilarning huquqlari
Psixiatriya yordami toʻgʻrisida (123-II-son) · Sana: 31.08.2000 · Amalda
Davolanuvchiga uni psixiatriya statsionariga joylashtirish asoslari va maqsadlari, uning huquqlari va statsionarda oʻrnatilgan qoidalar tushuntirilishi kerak. Bu haqda tibbiy hujjatlarga yozib qoʻyiladi.
Psixiatriya statsionarida davolanayotgan yoki tekshiruvdan oʻtayotgan davolanuvchilar:
davolash, tekshiruvdan oʻtkazish, psixiatriya statsionaridan chiqarish va ushbu Qonun bilan berilgan huquqlarga rioya etish masalalari yuzasidan bevosita bosh shifokorga yoki boʻlim mudiriga murojaat etishga;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga shikoyatlar va arizalar berishga;
advokat va ruhoniy bilan yolgʻiz uchrashishga;
tibbiy moneliklar boʻlmasa diniy urf-odatlarni bajo etishga;
gazeta va jurnallarga obuna boʻlishga;
agar davolanuvchi oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan boʻlsa umumiy taʼlim maktabi yoki intellektual rivojlanishi buzilgan bolalar maxsus maktabi dasturi boʻyicha taʼlim olishga;
agar davolanuvchi foydali mehnatda ishtirok etayotgan boʻlsa mehnati uchun uning miqdori va sifatiga muvofiq boshqa fuqarolar bilan teng ravishda haq olishga;
xatlar yozish va olishga, posilkalar, banderollar va pul joʻnatmalari olish va joʻnatishga, telefondan foydalanishga, keluvchilarni qabul qilishga, eng zaruriy narsalarga ega boʻlish va ularni olishga, oʻz kiyim-kechagidan foydalanishga haqli. Bu huquqlar davolanuvchi va boshqa shaxslarning sogʻligʻi yoki xavfsizligi manfaatlarini koʻzlab shifokorning tavsiyasiga koʻra cheklanishi mumkin.
Gazeta va jurnallarga yakka tartibda obuna boʻlish, telefonda soʻzlashuvlar va boshqa pulli xizmatlar davolanuvchilarning mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Psixiatriya statsionarida davolanayotgan yoki tekshiruvdan oʻtayotgan davolanuvchilar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishlari mumkin.
