33-modda. Voyaga yetmaganlar va muomalaga layoqatsiz deb topilgan, qonuniy vakillarining iltimosiga binoan yoki roziligi bilan psixiatriya statsionariga joylashtirilgan shaxslarni tekshiruvdan oʻtkazish
Psixiatriya yordami toʻgʻrisida (123-II-son) · Sana: 31.08.2000 · Amalda
Qonuniy vakillarining iltimosiga binoan yoki roziligi bilan psixiatriya statsionariga joylashtirilgan oʻn toʻrt yoshgacha boʻlgan voyaga yetmagan shaxs va qonunda belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxs psixiatriya muassasasi shifokor psixiatrlarining komissiyasi tomonidan ushbu Qonun 28-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan tartibda majburiy tekshiruvdan oʻtkazilishi kerak. Bu shaxslar dastlabki olti oy mobaynida shifokor psixiatrlar komissiyasi tomonidan har oyda kamida bir marta statsionarda boʻlishini uzaytirish toʻgʻrisidagi masalani hal qilish uchun tekshiruvdan oʻtkazilishlari lozim. Statsionarda boʻlish olti oydan ortiq uzaytirilganda shifokor psixiatrlar komissiyasi tomonidan tekshiruv olti oyda kamida bir marta oʻtkaziladi.
Oʻn toʻrt yoshgacha boʻlgan voyaga yetmagan shaxsni yoki belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxsni statsionarga yotqizishda shifokor psixiatrlar komissiyasi yoki psixiatriya statsionari maʼmuriyati yoʻl qoʻyilgan suiisteʼmolliklarni aniqlagan taqdirda, psixiatriya statsionari maʼmuriyati bu haqda vasiylikdagi shaxsning turar joyidagi vasiylik va homiylik organiga xabar qiladi.
