29-modda. Gʻayriixtiyoriy tartibda statsionarga yotqizish toʻgʻrisidagi masala yuzasidan sudga murojaat etish
Psixiatriya yordami toʻgʻrisida (123-II-son) · Sana: 31.08.2000 · Amalda
Ushbu Qonunning 27-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha shaxsni gʻayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga yotqizish toʻgʻrisidagi masala psixiatriya muassasasi joylashgan yerdagi sudda hal qilinadi.
Shaxsni gʻayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga yotqizish toʻgʻrisidagi ariza sudga shaxs yotgan psixiatriya muassasasi tomonidan beriladi.
Gʻayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga yotqizish uchun qonunda nazarda tutilgan asoslar koʻrsatilishi lozim boʻlgan arizaga shifokor psixiatrlar komissiyasining shaxsning psixiatriya statsionarida bundan buyon boʻlishi zarurligi toʻgʻrisidagi asoslantirilgan xulosasi ilova qilinadi.
Sud arizani qabul qilish bilan bir paytda arizani sudda koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan muddatda shaxsning psixiatriya statsionarida boʻlib turishi masalasini hal etadi.
Shaxsni gʻayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga yotqizish toʻgʻrisidagi ariza sud tomonidan qonunda belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
