21-modda. Shaxsni oʻzining roziligisiz yoki uning qonuniy vakilining roziligisiz psixiatriya tekshiruvidan oʻtkazish
Psixiatriya yordami toʻgʻrisida (123-II-son) · Sana: 31.08.2000 · Amalda
Shaxs mavjud maʼlumotlarga koʻra oʻzida ogʻir ruhiy holatning buzilishi bor deb taxmin qilish uchun asos beruvchi harakatlarni sodir etsa, u oʻzining roziligisiz yoki qonuniy vakilining roziligisiz psixiatriya tekshiruvidan oʻtkazilishi mumkin boʻlib, bu quyidagilar bilan bogʻliqdir:
uning oʻzi uchun yoki atrofidagilar uchun bevosita xavf tugʻdirishi;
uning nochorligi, yaʼni asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda qondirishga layoqatsizligi;
agar shaxs psixiatriya yordamisiz qoldirilgudek boʻlsa, ruhiy holati yomonlashuvi oqibatida uning sogʻligʻiga jiddiy zarar yetkazilishi.
Agar shaxs ushbu Qonunning 25-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha dispanser kuzatuvi ostida boʻlsa, u oʻzining yoki qonuniy vakilining roziligisiz psixiatriya tekshiruvidan oʻtkazilishi mumkin.
Psixiatriya tekshiruvi maʼlumotlari va tekshiriluvchining ruhiy sogʻligʻi holati toʻgʻrisidagi xulosa tibbiy hujjatlarda qayd etilib, unda shifokor psixiatrga murojaat etish sabablari va tibbiy tavsiyalar ham koʻrsatiladi.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda shaxsni oʻzining roziligisiz yoki qonuniy vakilining roziligisiz psixiatriya tekshiruvidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror shifokor psixiatr tomonidan mustaqil ravishda yoki sud ajrimiga koʻra qabul qilinadi.
