17-modda. Tibbiyot xodimlari va boshqa mutaxassislarning psixiatriya yordami koʻrsatayotgan paytdagi kasbiy huquqlari va majburiyatlari
Psixiatriya yordami toʻgʻrisida (123-II-son) · Sana: 31.08.2000 · Amalda
Shifokor psixiatr, boshqa mutaxassislar va tibbiyot xodimlarining psixiatriya yordami koʻrsatayotgan paytdagi kasbiy huquqlari va majburiyatlari qonunchilik bilan belgilanadi.
Ruhiy holatning buzilishi tashxisini belgilash, gʻayriixtiyoriy tartibda psixiatriya yordami koʻrsatish toʻgʻrisida qaror qabul qilish yoki bu masalani koʻrib chiqish uchun xulosa berish shifokor psixiatr yoki shifokor psixiatrlar komissiyasining mutlaq huquqi hisoblanadi.
Boshqa ixtisoslikdagi shifokorning shaxsning ruhiy sogʻligʻi holati toʻgʻrisidagi xulosasi birlamchi xususiyatga ega boʻladi hamda shaxsning huquqlari va qonuniy manfaatlarini cheklash toʻgʻrisidagi masalani hal etish uchun, shuningdek ruhiy holati buzilgan shaxslar uchun qonunda nazarda tutilgan imtiyozlarni unga berish uchun asos boʻlmaydi.
