15-modda. Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari
Psixiatriya yordami toʻgʻrisida (123-II-son) · Sana: 31.08.2000 · Amalda
Ruhiy holati buzilgan, ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etgan shaxslarga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qonunchilikda belgilangan asoslar boʻyicha va tartibda sudning qaroriga binoan qoʻllaniladi.
Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari sogʻliqni saqlash organlarining psixiatriya muassasalarida, alkogolizm, giyohvandlik yoki toksikomaniyaga duchor boʻlgan yoxud aqli rasolikni istisno etmaydigan ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan esa — jazoni ijro etish muassasalarida ham amalga oshiriladi. Sudning tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanish toʻgʻrisidagi qaroriga binoan psixiatriya statsionariga joylashtirilgan shaxslar psixiatriya statsionarida boʻladigan butun davrda mehnatga layoqatsiz deb topiladilar va, shifokor psixiatr huzurida ambulatoriya majburiy kuzatuvida va davolanishida turgan shaxslar singari, davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqa olish yoki umumiy asoslarda pensiya olish huquqiga egadirlar.
