13-modda. Davolanishga rozilik berish
Psixiatriya yordami toʻgʻrisida (123-II-son) · Sana: 31.08.2000 · Amalda
Ruhiy holati buzilgan shaxsni davolash uning yozma roziligi olinganidan keyin oʻtkaziladi, ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Shifokor ruhiy holati buzilgan shaxsga ruhiy holatining xususiyati, tavsiya etilayotgan davolashning maqsadlari, usullari, shu jumladan muqobil usullari va davom etish muddati haqida, shuningdek ehtimol tutilgan xavf, salbiy taʼsirlar va kutilayotgan natijalar toʻgʻrisida tushunarli shaklda va uning ruhiy holatini hisobga olgan holda maʼlumotlar taqdim etishi shart. Maʼlumot taqdim etilgani toʻgʻrisida tibbiy hujjatlarga yozib qoʻyiladi.
Oʻn toʻrt yoshgacha boʻlgan voyaga yetmagan shaxsni, shuningdek qonunda belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxsni davolash uchun rozilik ularning qonuniy vakillari tomonidan, ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan maʼlumotlar ularga maʼlum qilinganidan keyin, beriladi.
Faqat qonunchilikda nazarda tutilgan asoslar boʻyicha tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilayotganda, shuningdek ushbu Qonunning 27-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha gʻayriixtiyoriy tartibda statsionarga yotqizilayotganda davolash choralari ruhiy holati buzilgan shaxsning yoki uning qonuniy vakilining roziligisiz oʻtkazilishi mumkin. Bunday shaxslarga nisbatan ruhiy holat buzilishlarini davolash uchun jarrohlik usullarini hamda asl holiga qaytarib boʻlmaydigan oqibatlarni keltirib chiqaradigan boshqa usullarni qoʻllanishga, shuningdek ularda tibbiy vositalar va usullarning sinovlarini oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
