“38-modda. Ijro ishi yuritishni toʻxtatib turish va tugatish toʻgʻrisidagi masalalarning sud yoki sud ijrochisi tomonidan koʻrib chiqilishi
Ijro ishi yuritish takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-199-son) · Sana: 14.01.2009 · Amalda
Xoʻjalik sudi tomonidan berilgan ijro hujjati asosida qoʻzgʻatilgan ijro ishi yuritishni toʻxtatib turish va tugatish oʻsha xoʻjalik sudi yoki sud ijrochisi turgan joydagi xoʻjalik sudi tomonidan amalga oshiriladi. Ijro ishi yuritishni toʻxtatib turish va tugatish quyidagi hollarda ham xoʻjalik sudi tomonidan amalga oshiriladi:
ijro xatlari ijro etilganda, agar undiruvchi va qarzdor yuridik shaxslar yoki yuridik shaxs tashkil etmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolar boʻlsa;
sud ijrochisining ijro yigʻimini va ijro xarajatlarini undirish toʻgʻrisidagi qarorlari ijro etilganda, agar qarzdor yuridik shaxs yoki yuridik shaxs tashkil etmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan fuqaro boʻlsa.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilmagan ijro hujjatlari boʻyicha ijro ishi yuritishni toʻxtatib turish va tugatish sud ijrochisi turgan joydagi umumiy yurisdiksiya sudi tomonidan amalga oshiriladi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual, Xoʻjalik protsessual yoki Jinoyat-protsessual kodekslarida boshqa tartib belgilanmagan boʻlsa, ijro ishi yuritishdagi taraflarning yoki sud ijrochisining ijro ishi yuritishni toʻxtatib turish haqidagi yoki tugatish toʻgʻrisidagi arizasi u kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda sud tomonidan koʻrib chiqiladi.
Ijro ishi yuritishni toʻxtatib turish va tugatish, ushbu Qonun 34-moddasining ikkinchi qismi, 35-moddasining ikkinchi qismi va 37-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollarda, ijro hujjati qaysi sud ijrochisining ish yuritishida boʻlsa, oʻsha sud ijrochisi tomonidan amalga oshiriladi.
Ijro ishi yuritishdagi taraflarning ijro ishi yuritishni toʻxtatib turish yoki tugatish toʻgʻrisidagi arizasi u kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda sud ijrochisi tomonidan koʻrib chiqiladi. Arizani koʻrib chiqish natijalariga koʻra sud ijrochisi ijro ishi yuritishni toʻxtatib turish yoki tugatish haqida yoxud ijro ishi yuritishni toʻxtatib turishni yoki tugatishni rad qilish toʻgʻrisida qaror chiqaradi.
