24-modda. Qutqaruvchilarning ish vaqti (xizmatni oʻtash) rejimi
Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi toʻgʻrisida (O‘RQ-195-son) · Sana: 26.12.2008 · Amalda
Qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalarining mehnat shartnomasi (kontrakt) boʻyicha ishlovchilar jumlasidan boʻlgan qutqaruvchilarining ish vaqti rejimi kundalik faoliyatda ichki mehnat tartibi qoidalari, navbatchilik jadvallari, maxsus tayyorgarlik boʻyicha mashgʻulotlar yoki boshqa tadbirlar jadvallari bilan belgilanadi.
Qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalarining harbiy xizmatchilar jumlasidan boʻlgan qutqaruvchilarining xizmatni oʻtash rejimi belgilangan tartibda oʻrnatiladi.
Qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalarining toifalangan obyektlarga xizmat koʻrsatuvchi qutqaruvchilarining ish vaqti (xizmatni oʻtash) rejimi belgilangan tartibda oʻrnatiladi.
Qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalari qutqaruvchilarining favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlariga chiqishni kutish va unga shay boʻlib turish rejimida uyda navbatchilik qiladigan vaqti navbatchilikning har bir soati uchun chorak soat hisobida inobatga olinadi.
Qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalari qutqaruvchilarining favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlarini olib borish chogʻidagi ish vaqti (xizmatni oʻtash) rejimi va ish smenasining davomiyligi favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlari rahbarlari tomonidan favqulodda vaziyatlarning xususiyati, ularni bartaraf etish yuzasidan olib borilayotgan ishlarning oʻziga xos xususiyatlari va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa holatlar hisobga olingan holda belgilanadi.
Qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalarining qutqaruvchilariga har yili oʻttiz ish kunidan iborat haq toʻlanadigan taʼtil beriladi.
Noqulay va oʻziga xos boʻlgan mehnat sharoitlarida ishlaganlik uchun qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalarining qutqaruvchilariga qonunchilikka muvofiq har yili haq toʻlanadigan qoʻshimcha taʼtil beriladi.
