12-modda. Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining faoliyati
Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi toʻgʻrisida (O‘RQ-195-son) · Sana: 26.12.2008 · Amalda
Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari oʻz faoliyatida ushbu Qonunga hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
Qutqaruv xizmatlarining, professional qutqaruv tuzilmalarining rahbarlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida qabul qilinadigan qarorlar shu xizmatlar va tuzilmalarning barcha xodimlari, shuningdek favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlarini olib borishga jalb etilgan shtatdan tashqari qutqaruv tuzilmalari va jamoat qutqaruv tuzilmalarining xodimlari bajarishi uchun majburiydir.
Qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalari obyektlar hamda hududlarga xizmat koʻrsatish boʻyicha oʻz faoliyatini shartnoma asosida amalga oshirishi mumkin.
Favqulodda vaziyatlar tahdidi boʻlganda va ular roʻy berganda hamda ularning oqibatlarini bartaraf etish chogʻida qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalarida jamoaga doir mehnat nizolarini hal etish vositasi sifatida qutqaruv ishlarini tugatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Shtatdan tashqari qutqaruv tuzilmalari tashkil etilgan tashkilotlarning rahbarlari qutqaruvchilarni qutqaruv ishlari olib borishning maxsus koʻnikmalariga oʻrgatish boʻyicha muntazam mashgʻulotlar uyushtiradi hamda ularni maxsus aslaha-anjomlar bilan taʼminlaydi.
Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining favqulodda vaziyatlarda tezkor harakatlar qilishga hamda favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlarini olib borishga shayligi uchun respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va tashkilotlarning, shu jumladan jamoat birlashmalarining rahbarlari masʼuldir.
Qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalarining tezkor transporti maxsus tovush va yoritish signal asboblari bilan taʼminlangan, shuningdek belgilangan namunadagi ranglarga boʻyalgan boʻlishi shart.
