44-modda. Yuridik maslahatxona
Advokatura instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-198-son) · Sana: 31.12.2008 · Amalda
Yuridik maslahatxona — advokatlik faoliyatini amalga oshirish uchun Advokatlar palatasining hududiy boshqarmasi tomonidan tashkil etiladigan va yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan advokatlik tuzilmasi.
Yuridik maslahatxona tegishli hududda yuridik yordamga boʻlgan ehtiyojlarni qanoatlantirish uchun advokatlik tuzilmalarining soni yetarli boʻlmagan hollarda Advokatlar palatasining hududiy boshqarmasi tomonidan tashkil etiladi.
Tegishli hududlardagi yuridik yordamga boʻlgan ehtiyoj Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Advokatlar palatasi tomonidan tasdiqlanadigan normativlarga muvofiq aniqlanadi.
Yuridik maslahatxonaning moddiy-texnika taʼminoti tartibi va shartlari, yuridik maslahatxonalarga ishlash uchun yuborilgan advokatlar uchun xizmat xonalari va zarurat boʻlganda, turar joylar ajratish bilan bogʻliq masalalar Advokatlar palatasining hududiy boshqarmasi tomonidan tuman, shahar hokimligi bilan birgalikda hal qilinadi.
Yuridik maslahatxona Advokatlar palatasining tegishli hududiy boshqarmasi tomonidan tasdiqlanadigan nizomga asosan ish olib boradi”;
5) 6-modda:
birinchi qismining toʻrtinchi — sakkizinchi xatboshilari quyidagi mazmundagi toʻrtinchi — oʻn ikkinchi xatboshilar bilan almashtirilsin:
“yuridik yordam koʻrsatilishi munosabati bilan advokat tomonidan soʻralgan hujjatlarni yoki ularning tasdiqlangan koʻchirma nusxalarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda berishi shart boʻlgan davlat organlari va boshqa organlardan, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan maʼlumotnomalar, tavsifnomalar hamda boshqa hujjatlarni soʻrash va olish;
yuridik yordam koʻrsatish uchun zarur boʻlgan masalalar yuzasidan ekspertlarning yozma xulosalarini, mutaxassislarning maʼlumotnoma-maslahatlarini ishonch bildiruvchi shaxsning (himoya ostidagi shaxsning) roziligi bilan soʻrash va olish;
ishga taalluqli axborotdan xabardor boʻlgan shaxslarni soʻrovdan oʻtkazish va ularning roziligi bilan yozma tushuntirish olish;
toʻplangan materiallarni oʻz ishonch bildiruvchi shaxsining (himoya ostidagi shaxsning) ishi yuzasidan ish yuritayotgan sudlarga va boshqa davlat organlariga taqdim etish;
