“131-modda. Advokat maqomini toʻxtatib turish
Advokatura instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-198-son) · Sana: 31.12.2008 · Amalda
Advokat maqomini toʻxtatib turish advokatga guvohnoma bergan adliya organining qarori bilan quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
advokat advokatlik faoliyati bilan birga olib borib boʻlmaydigan doimiy lavozimga saylanganda yoki tayinlanganda — ish davriga;
advokat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bedarak yoʻqolgan deb topilganda — bedarak yoʻqolgan deb topish haqidagi qaror sud tomonidan bekor qilinguniga qadar boʻlgan davrga;
advokat harbiy xizmatga chaqirilganda — harbiy xizmatni oʻtash davriga;
sud tomonidan advokatga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda, agar sudning mazkur qarori ushbu Qonunning 16-moddasiga muvofiq litsenziyaning amal qilishini tugatish uchun asos boʻlmasa, — tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari sud tomonidan bekor qilinguniga qadar yoki oʻzgartirilguniga qadar boʻlgan davrga;
ushbu Qonunning 15-moddasiga muvofiq litsenziyaning amal qilishi toʻxtatib turilganda — litsenziyaning amal qilishi toʻxtatib turilgan davrga;
advokatlik tuzilmasi tugatilganda yoki advokat undan chiqqanida — advokat tomonidan uch oydan oshmaydigan muddatda amalga oshiriladigan boshqa advokatlik tuzilmasi tashkil etilguniga qadar yoxud mavjud advokatlik tuzilmalaridan biriga kirguniga qadar boʻlgan davrga.
Advokatlik maqomini toʻxtatib turish haqidagi qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran advokat maqomi toʻxtatiladi.
Adliya organi uch kunlik muddat ichida advokatning guvohnomasini olib qoʻyadi, bundan advokat bedarak yoʻqolgan deb topilgan hol mustasno va Advokatlar palatasining tegishli hududiy boshqarmasiga advokat maqomi toʻxtatilganligi haqida xabar beradi. Advokat maqomining toʻxtatib turilishi advokatning Advokatlar palatasiga aʼzoligi toʻxtatib turilishiga sabab boʻladi.
Advokat maqomining toʻxtatib turilishi mazkur advokatga nisbatan qonunda nazarda tutilgan kafolatlarning amal qilishi toʻxtatilishiga olib keladi, ushbu Qonun 10-moddasining uchinchi va toʻrtinchi qismlarida hamda “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasi toʻrtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan kafolatlar bundan mustasno.
