19-modda. Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarning jamoat birlashmalari
Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari toʻgʻrisida (429-XII-son) · Sana: 20.11.1991 · Amalda
Respublika yoshlarining fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquq hamda erkinliklarini roʻyobga chiqarish va himoya qilish, shuningdek ularning faolligi va tashabbuskorligini rivojlantirishni oʻzining asosiy maqsadlaridan biri deb bilgan fuqarolarning belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgach, koʻngilli uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarning jamoat birlashmasi deb hisoblanadi.
Yoshlar jamoat birlashmasining Ustavi (nizomi, boshqa asosiy hujjati) da aʼzo boʻluvchining yoki qatnashchisining yoshi chegaralab qoʻyilgan (30 yosh) boʻlishi kerak. Yoshlar jamoat birlashmasidagi 30 yoshdan katta aʼzolar (qatnashchilar) koʻpi bilan yoshlar jamoat birlashmasiga kirganlar jami sonining 10 foizidan ortiq boʻlmasligi kerak.
Yoshlarning jamoat birlashmalari yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish boʻyicha davlatning kompleks va aniq maqsadli dasturlarini ishlab chiqishida qatnashadilar.
