18-modda. Davlatning yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlashi
Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari toʻgʻrisida (429-XII-son) · Sana: 20.11.1991 · Amalda
Davlat yoshlarning iqtisodiy mustaqilligini, xalq hunarmandchiligi va hunarmandchilik kasb-kori bilan shugʻullanishi, yoshlar korxonalari faoliyatini qoʻllab-quvvatlaydi va rivojlantiradi.
Ishlovchilar roʻyxat tarkibining kamida 75 foizini 30 yoshgacha boʻlgan fuqarolar tashkil etadigan quyidagi korxonalar: maktab oʻquvchilari, oʻrta maxsus bilim yurtlarining oʻquvchilari, oliy oʻquv yurtlari kunduzgi boʻlimlarining talabalari, ilmiy-tadqiqot, innovatsiya va joriy etish ishlari olib borish uchun yosh olimlar tomonidan tashkil etilgan korxonalar, shuningdek yoshlar tashkilotlari tuzgan hamda roʻyxatini Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan yoshlarga moʻljallangan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi va xizmatlarni koʻrsatuvchi korxonalar yoshlar korxonalari hisoblanadi.
Yoshlar korxonalari uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq: qarz olishda, investitsiyalarda, zarur ishlab chiqarish vositalari bilan taʼminlanishda, yer maydonlarini olishda, oʻzlarining tijorat tavakkallarini sugʻurtalashda imtiyozlar belgilanadi.
