11-modda. Matlubot kooperatsiyasining asosiy vazifalari
Kooperatsiya toʻgʻrisida (295-XII-son) · Sana: 14.06.1991 · Amalda
1. Matlubot kooperatsiyasining asosiy vazifalari:
qishloq posyolkalar va shaharlarda chakana savdo hamda umumiy ovqatlanish korxonalari tarmogʻini vujudga keltirish va rivojlantirish, oʻz aʼzolari—paychilar hamda xizmat koʻrsatilayotgan aholiga oʻzi ishlab chiqargan va korxonalar, tashkilotlar hamda jismoniy shaxslardan sotib olingan oziq-ovqat mahsulotlari va nooziq-ovqat mollarini sotish;
aholi va korxonalardan qishloq xoʻjalik mahsulotlari hamda xom ashyo, yordamchi xoʻjalik mahsulotlari va hunarmandchilik buyumlari, keyinchalik qayta ishlash va sotish uchun yovvoyi oʻsimliklar, mevalar dorivor oʻsimlik xom ashyosini va dori moddalarini (substansiyalarni) Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq xarid qilish;
sotib olinayotgan qishloq xoʻjaligi xom ashyosi va boshqa mahalliy xom ashyodan, shuningdek ulgurji savdo tarkibida xarid qiladigan resurslar, xom ashyo va materiallardan oziq-ovqat mahsulotlari va nooziq-ovqat mollari ishlab chiqarishni tashkil etish;
aholiga ishlab chiqarishga va maishiy turmushga doir turli xizmatlar koʻrsatishdan iboratdir.
2. Matlubot kooperativlari (jamiyatlari) ishlab chiqarish vositalari va xalq isteʼmoli mollari xarid qilishni va sotishni tashkil etish orqali fuqarolarning qishloq xoʻjalik mahsulotlari xom ashyosini yetishtiruvchi va qayta ishlovchi yordamchi xoʻjaliklarini, shuningdek hunarmandchilikni rivojlantirishni ragʻbatlantiradilar.
