5-modda. Sugʻurtalangan shaxsning huquq va majburiyatlari
Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sugʻurtasi toʻgʻrisida (O‘RQ-174-son) · Sana: 10.09.2008 · Amalda
Sugʻurtalangan shaxs:
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha sugʻurta tovoni bilan taʼminlanish;
sugʻurta hodisasini tekshirishda, shu jumladan kasaba uyushmasi organi yoki oʻz ishonchli shaxsi jalb qilingan holda ishtirok etish;
sugʻurta hodisalarini tekshirish natijalariga doir qarorlar ustidan shikoyat qilish;
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha oʻz huquq va majburiyatlari haqida sugʻurta qildiruvchidan, sugʻurtalovchidan bepul axborot olish;
tibbiy tekshiruvdan (qayta tekshiruvdan) oʻtish masalalari yuzasidan davlat sogʻliqni saqlash tizimining davolash-profilaktika muassasalariga va tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasiga mustaqil ravishda murojaat etish;
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sugʻurtasi masalalari boʻyicha oʻz huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun sudga, shuningdek kasaba uyushmasi organlariga murojaat etish huquqiga ega.
Sugʻurtalangan shaxs:
mehnatni muhofaza qilish normalariga, qoida va yoʻriqnomalariga rioya etishi;
sugʻurta hodisasi yuz berganda, oʻz yashash joyi yoki ish joyi oʻzgarganligi toʻgʻrisida, shuningdek oʻzi oladigan sugʻurta tovonining miqdori oʻzgarishiga yoki uni olish huquqining yoʻqolishiga sabab boʻluvchi holatlar haqida bunday holatlar vujudga kelgan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimlarini xabardor qilishi;
tibbiy, ijtimoiy va kasbiy reabilitatsiya qilishga doir tavsiyalarni bajarishi, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi belgilagan muddatlarda tibbiy tekshiruvdan (qayta tekshiruvdan) oʻtishi shart.
Sugʻurtalangan shaxs qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
