Ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha qoʻshma komissiya tuzish toʻgʻrisida
13.05.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Indoneziya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
ANGLAShUV MEMORANDUMI
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Indoneziya Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki davlat qonunchiligiga asosan ikki mamlakat oʻrtasidagi mavjud doʻstona munosabatlarni yanada mustahkamlashni istab,
tenglik, oʻzaro manfaatdorlik va suverenitetni toʻla hurmat qilish prinsiplariga asoslangan samimiy va konstruktiv muloqot, ikki tomonlama munosabatlarning barcha sohalari va umumiy manfaatlarni koʻzlaydigan xalqaro masalalar boʻyicha ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro anglashuvga va doʻstona munosabatlarni rivojlantirishga oʻz ijobiy hissasini qoʻshishiga ishonch hosil qilib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda. Maqsadlar
Ikki tomonlama maslahatlashuvlar va Tomonlar oʻrtasida oʻzaro manfaatga javob beradigan turli sohalardagi hamkorlikni yengillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Indoneziya Respublikasi Hukumati oʻrtasida Tomonlar Tashqi ishlar vazirlari darajasida va/yoki undan kichikroq mansabdagi shaxslar darajasida Qoʻshma komissiya (bundan keyin — “Komissiya”) tuzadilar.
2-modda. Majlisni tashkil qilish tartibi
1. Komissiya majlislari har yili yoki Tomonlarning oʻzaro roziligiga koʻra, xohlagan vaqtda navbati bilan Oʻzbekistonda va Indoneziyada oʻtkaziladi. Majlislar Tomonlar Tashqi ishlar vazirlari darajasida va/yoki undan kichikroq mansabdagi shaxslar darajasida oʻtkaziladi.
2. Komissiya majlisini oʻtkazish sanasi, joyi, kun tartibi va vakillarining darajasi Tomonlar oʻrtasida oʻzaro kelishiladi hamda diplomatik kanallar orqali iloji boricha tezroq bir-birlariga xabar beriladi.
3. Komissiya majlislarining ikkala Tomon bilan kelishilgan natijalari protokollar shaklida rasmiylashtiriladi. Tomonlar majlislar natijalarining maxfiy saqlanishiga kafolat beradilar va ular oʻrtasida almashinadigan hujjatlar va axborotni, boshqa Tomonning oldindan yuborgan yozma roziligisiz, uchinchi Tomonga bermaydilar.
4. Zarurat paydo boʻlganda, Tomonlar oʻzaro kelishuv asosida muayyan masalalar boʻyicha ishchi guruh tuzishlari mumkin.
3-modda. Hamkorlik asoslari
Tomonlar quyidagi sohalarda maslahatlashuvlar va umumiy manfaatlarga doir masalalar yuzasidan fikr va axborot almashishni amalga oshiradilar:
1) Siyosiy, madaniy, ijtimoiy, taʼlim, ekologiya muammolari va xavfsizlik masalalari boʻyicha;
2) savdo-iqtisodiy va investitsiya munosabatlarini, shuningdek oʻzaro hamkorlikni ragʻbatlantirish va kengaytirish masalalarini oʻz ichiga oluvchi ikki tomonlama masalalar boʻyicha;
3) Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan bogʻliq masalalarni qamrab olishi mumkin boʻlgan mintaqaviy va global masalalar boʻyicha.
4-modda. Moliyaviy masalalar
1. Komissiya majlislarini oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar qabul qiluvchi Tomon hisobidan moliyalashtiriladi.
2. Delegatsiyalarning Komissiya majlislarida ishtirok etishlari uchun sarflangan barcha xarajatlar yuboruvchi Tomon hisobidan moliyalashtiriladi.
3. Tomonlar oʻzaro rozilik asosida boshqa kelishuvlarga kelishlari mumkin.
5-modda. Oʻzgartirish va qoʻshimchalar
Ushbu Anglashuv Memorandumiga Tomonlarning oʻzaro roziligi bilan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Har qanday oʻzgartirish va qoʻshimchalar Tomonlar kelishgan kundan boshlab kuchga kiradi va ushbu Anglashuv Memorandumining ajralmas qismi boʻlib hisoblanadi.
6-modda. Nizolarni hal qilish
Ushbu Anglashuv Memorandumini qoʻllash yoki talqin qilish bilan bogʻliq barcha bahslar yoki kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida muzokaralar va maslahatlashuvlar oʻtkazish yoʻli bilan hal etiladi.
7-modda. Kuchga kirishi, amal qilishi va oʻz kuchini yoʻqotishi
1. Ushbu Anglashuv Memorandumi imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
2. Anglashuv Memorandumi besh (5) yil davomida oʻz kuchida qoladi va Tomonlardan birortasi uni amal qilishini toʻxtatish niyati borligi toʻgʻrisida boshqa Tomonga hech boʻlmaganda ushbu Anglashuv Memorandumining amal qilish muddati tugashidan olti (6) oy avval xabar bermasa, oʻz-oʻzidan keyingi besh (5) yillik muddatlarga uzayaveradi.
3. Ushbu Anglashuv Memorandumining tugatilishi, Tomonlar mazkur Anglashuv Memorandumi doirasida amalga oshirilayotgan barcha dasturlarning amal qilish muddatlari va holatlariga taʼsir etmaydi.
Yuqoridagilarni tasdiqlab, oʻz Hukumatlari tomonidan tegishli vakolatlangan quyida imzo chekuvchilar ushbu Anglashuv Memorandumini imzoladilar.
Toshkent shahrida 2008-yil 13-mayda ikki nusxada, har biri oʻzbek, Indoneziya va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Matnlarni talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
