13-modda. Ommaviy axborot vositasining muassis, muharrir, tahrir hayʼati va noshiri
Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida (283-XII-son) · Sana: 14.06.1991 · Amalda
Muassis ommaviy axborot vositasi faoliyatining dasturini (asosiy qoidalarini) tasdiqlaydi. Ommaviy axborot vositasini chiqaruvchi tahririyat yoki oʻzga muassasa dasturning amalga oshirilishini kasbiy mustaqillik asosida taʼminlaydi.
Muharrir (bosh muharrir) ni tayinlash va boʻshatish tartibi tahririyat ustavi va muassis tomonidan belgilanadi.
Muharrir (bosh muharrir) ommaviy axborot vositasi tahrir hayʼati va tahririyati ishga rahbarlik qiladi, muassis, noshir, mualliflar, davlat idoralari, jamoat tashkilotlari, fuqarolarning boshqa birlashmalari va fuqarolar bilan munosabatlarda, shuningdek sudda ommaviy axborot vositasi nomidan ish olib boradi.
Muharrir (bosh muharrir) ommaviy axborot vositasining faoliyati ushbu Qonunga va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunlariga muvofiq boʻlishi uchun masʼuldir.
Tahrir hayʼati tahririyat ustavida koʻzda tutilgan tartibda tuziladi.
Muassis, shuningdek nashriyot yoki ommaviy axborot vositasining chiqarilishini moddiy-texnikaviy jihatdan taʼminlovchi oʻzga yuridik shaxs ommaviy axborot vositasining noshiri boʻlishi mumkin.
