9-modda. Soliq solinadigan daromad tarkibiga qoʻshilmaydigan pullar
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolaridan, ajnabiy fuqarolardan va fuqaroligi boʻlmagan shaxslardan olinadigan daromad soligʻi toʻgʻrisida (227-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
Quyidagilar soliq solinadigan daromad tarkibiga qoʻshilmaydi:
a) amaldagi qonunlarga muvofiq ishdan boʻshash vaqtida toʻlanadigan nafaqalar;
b) SSSR va Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlarida koʻzda tutilgan normalar doirasidagi kompensatsiya toʻlovlari, ishdan boʻshash vaqtida foydalanilmagan otpuska uchun beriladigan kompensatsiya bundan mustasnodir;
v) bepul berib qoʻyiladigan uy-joy binolari va kommunal xizmatlar oʻrniga amaldagi qonunlarga muvofiq toʻlanadigan pul;
g) SSSR Vazirlar Kabinetining va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Kabinetining tegishli qarorlarida koʻzda tutilgan natura holida beriladigan oziq-ovqat qiymati, shuningdek shu oziq-ovqat oʻrniga toʻlanadigan pul;
d) ijodiy faoliyat, tadbirkorlik va yakka tartibdagi mehnat faoliyati bilan shugʻullanishdan daromad olish bilan bogʻliq xarajatlar.
Ana shu daromadlarni olish bilan bogʻliq xarajatlar turkumiga moddiy xarajatlar, asosiy ishlab chiqarish fondlarini toʻla qayta tiklashga amortizatsiya ajratmalari, ijara haqi, intellektual mulk obyektlariga beriladigan huquqlarga ega boʻlganlik uchun patent boji, huquqlarni roʻyxatdan oʻtkazganlik yigʻimlari va huquqlar uchun litsenziya toʻlovlari, fuqarolarning mehnatidan foydalanish toʻgʻrisida tuzilgan shartnomaga muvofiq ularning mehnatiga toʻlanadigan haq xarajatlari, davlat ijtimoiy sugʻurtasiga ajratmalar, majburiy mulk sugʻurtasi boʻyicha toʻlovlar, banklarning qisqa muddatli kreditlari uchun foiz toʻlovi (toʻlov muddati uzaytirilgan va kechiktirilgan foizlardan tashqari), shuningdek asosiy ishlab chiqarish fondlarining hamma turdagi remonti uchun qilinadigan xarajatlar qoʻshiladi.
