14-modda. Fuqarolar tomonidan yillik jami daromadni deklaratsiyada ifoda etish va yillik jami daromad boʻyicha soliqni hisoblab chiqarish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolaridan, ajnabiy fuqarolardan va fuqaroligi boʻlmagan shaxslardan olinadigan daromad soligʻi toʻgʻrisida (227-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
1. Amalda olingan daromadlar va qilingan sarf-xarajatlar toʻgʻrisidagi deklaratsiya fuqarolar tomonidan oʻzlarining doimiy yashash joylaridagi soliq organiga hisobot yilidan keyingi yilning 1-aprelidan kechikmay taqdim etiladi.
Ushbu Qonunning 12-moddasiga muvofiq soliq toʻlagan fuqaro deklaratsiya taqdim etishdan ozod qilinadi.
Basharti yil davomida ushbu Qonunning 15-moddasida aytib oʻtilgan daromad manbalari paydo boʻlib qolgudek boʻlsa, fuqarolar bunday manbalar paydo boʻlgan kundan bir oy oʻtganidan keyin besh kunlik muddat ichida deklaratsiya topshiradilar. Deklaratsiyada birinchi oydagi faoliyat natijasida olgan daromadlarining miqdori va joriy yilning oxirigacha olinishi kutilayotgan daromad miqdori koʻrsatiladi.
Daromad manbai joriy yilning oxiriga qadar toʻxtagan taqdirda u toʻxtagan kundan boshlab besh kunlik muddat ichida deklaratsiya taqdim etiladi.
Deklaratsiya fuqarolar bir yil davomida olgan barcha daromadlarini, bu daromadlarning manbalari hamda hisoblab chiqarilgan va toʻlangan soliq summalarini koʻrsatadilar.
Ushbu Qonunning 12, 13 va 15-moddalarida nazarda tutilgan soliq solinadigan daromadlar olinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar deklaratsiyada alohida ifoda etiladi.
2. Soliq solinadigan yillik jami daromad boʻyicha soliqni hisoblab chiqarish ushbu Qonunning 8-moddasida nazarda tutilgan stavkalar boʻyicha amalga oshiriladi.
Hisoblab chiqarilgan soliq summasi va yil davomida oʻtkazilgan soliq summalari oʻrtasidagi farq hisobot yilidan keyingi yilning 1-iyunidan kechikmay, yil davomida qayta hisoblab chiqilgan taqdirda esa soliq organiga deklaratsiya topshirilgan kundan eʼtiboran ikki oylik muddat ichida fuqarolar tomonidan toʻlanishi yoki soliq organlari tomonidan fuqarolarga qaytarilishi lozim.
