13-modda. Asosiy ish joyidan boshqa yerda olingan ish haqidan va boshqa toʻlovlardan soliqni hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolaridan, ajnabiy fuqarolardan va fuqaroligi boʻlmagan shaxslardan olinadigan daromad soligʻi toʻgʻrisida (227-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
1. Fuqarolarning har qanday daromadlariga, shu jumladan tadbirkorlik faoliyatidan oladigan daromadlariga asosiy ish (xizmat, oʻqish) joylaridan olayotgan daromadlari bilan bir vaqtda Qonunning ushbu moddasida nazarda tutilgan tartibda soliq solinishi lozim.
2. Ushbu moddaning 1-bandida aytib oʻtilgan daromadlardan soliq mazkur Qonunning 12 va 16-moddalarida belgilangan tartibda, tadbirkorlik faoliyatidan orttiriladigan daromadlaridan esa soliq mazkur Qonunning 15-moddasida nazarda tutilgan tartibda hisoblab chiqariladi va ushlab qolinadi.
Bunda fuqarolarning daromadlaridan Qonunda belgilangan soliq solinmaydigan minimumning oylik miqdori summasi istisno qilinmaydi.
Fuqarolar yil davomida soliq solinadigan yillik jami daromadga asosan soliqni mustaqil ravishda hisoblab chiqarishlari va soliq solinadigan umumiy daromaddan hisoblab chiqarilgan soliq summasi bilan daromad toʻlovchi manba tomonidan ushlab qolingan soliq summasi oʻrtasidagi farqni yilning har choragida kamida bir marta budjetga toʻlashlari mumkin. Kalendar yili tugaganidan keyin bu daromadlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar fuqarolarning doimiy yashash joyidagi soliq organiga belgilangan tartibda taqdim etiladigan deklaratsiyaga kiritilishi lozim.
Daromadlarni toʻlagan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda tadbirkor sifatida roʻyxatga olingan fuqarolar har yili hisobot yilidan keyingi yilning 1-martidan kechikmay oʻzlari turgan joydagi soliq organlariga oʻtgan yili oʻzlari daromad toʻlagan shaxslarning doimiy yashash joyini koʻrsatgan holda ularga toʻlangan daromad summasi va ulardan undirilgan soliqlar summasi toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etadilar. Aytib oʻtilgan maʼlumotlar daromadlar olgan shaxslarning doimiy yashash joyidagi soliq organlariga yuboriladi. Soliq organlari fuqarolar bir yilda olgan daromadlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etganlarida ana shu maʼlumotlarni eʼtiborga oladilar.
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan fuqaroga mualliflik haqi toʻlash hamda fan, adabiyot va sanʼat asarlarini nashr qilganlik, ijro etganlik yoki ulardan oʻzga tarzda foydalanganlik uchun haq toʻlash, intellektual mulk obyektlarining mualliflarini taqdirlash, shuningdek yillik jami daromad boʻyicha soliqni hisoblab chiqarish vaqtida hujjatlar bilan tasdiqlangan xarajatlar hisobga olinadi. Agar bu xarajatlarni hujjatlar bilan tasdiqlashning iloji boʻlmasa, u holda bunday xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati belgilagan tartibda hisobga olinadi.
