11-modda
2008 — 2012-yillarga moʻljallangan iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisida · Sana: 18.10.2007 · Amalda
Mazkur Shartnoma Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali oxirgi xabarnoma olingan sanadan 30 kun keyin kuchga kiradi va 2012-yilning 31-dekabriga (Bitaraplik) qadar amal qiladi.
Har bir Oliy Ahdlashuvchi Tomon boshqa Oliy Ahdlashuvchi Tomonga yozma xabarnoma yuborish bilan mazkur Shartnomaning amal qilishini tugatishi mumkin. Bu holda Shartnoma shunday xabarnoma olingan sanadan olti oy oʻtgach amal qilishini tugatadi.
Agar Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar boshqacha kelishib olmasalar, mazkur Shartnoma amal qilishining toʻxtatilishi uning doirasida boshlangan dastur va loyihalarning toʻliq amalga oshirilishiga daxl qilmaydi.
Ashxobod shahrida, 2007-yil 18-oktabrda (Garashsizlik) ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, turkman va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil yuridik kuchga ega.
Mazkur Shartnoma qoidalarini talqin qilish uchun rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston oʻrtasida 2008 — 2012-yillarga moʻljallangan iqtisodiy hamkorlik
DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi va Turkmaniston siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy sohalarda samarali hamkorlik olib bormoqdalar va anʼanaviy iqtisodiy hamkorlar boʻlib kelmoqdalar.
2004-yil 19-noyabrda (Sandjar) imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston oʻrtasida doʻstlik, oʻzaro ishonchni mustahkamlash va hamkorlikni rivojlantirish toʻgʻrisida Shartnoma va 1996-yil 16-yanvarda (Turkmenbashi) imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasida uzoq muddatli savdo-iqtisodiy aloqalarning asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida Bitim yaqin iqtisodiy aloqalarni kengaytirishda muhim ahamiyatga ega.
2004-yil 19-noyabrdagi (Sandjar) Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston oʻrtasida doʻstlik, oʻzaro ishonchni mustahkamlash va hamkorlikni rivojlantirish toʻgʻrisidagi Shartnoma va 1996-yil 16-yanvardagi (Turkmenbashi) Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasida uzoq muddatli savdo-iqtisodiy aloqalarning asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi Bitimning nizomlari asosida Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston oʻrtasida 2008 — 2012-yillarga moʻljallangan iqtisodiy hamkorlik Dasturi ishlab chiqildi (bundan keyin — “Dastur”).
