38-modda. Urush vaqtida safarbarlik boʻyicha harbiy xizmatga Chaqirish va undan keyingi chaqiriqlar
Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida (644-XII-son) · Sana: 03.07.1992 · Amalda
1. Oʻzbekiston Respublikasiga qarshi qilinishi ehtimol tutilgan harbiy hujumning oldini olish va tajovuzga Qurolli zarba berish maqsadida umumiy va qisman safarbarlik eʼlon qilinganda zarur miqdordagi harbiy xizmatga majburlar zaxiradan harbiy xizmatga uch oygacha muddatga chaqiriladi. Bu muddat Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Kengashi tomonidan uzaytirilishi mumkin.
Fuqarolarni urush vaqtida safarbarlik boʻyicha harbiy xizmatga chaqirish va undan keyingi chaqiriqlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan tasdiqlanadigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari asosida oʻtkaziladi.
2. Safarbarlik eʼlon qilinganida harbiy xizmatda va harbiy yigʻinlarda boʻlgan barcha fuqarolar maxsus farmoyish berilguniga qadar ushlab turiladilar, harbiy xizmatga majburlar esa harbiy xizmatga chaqiriladilar. Harbiy xizmatchilarning taʼtillari toʻxtatiladi, harbiy xizmatga majburlar oʻzlari harbiy roʻyxatga olingan joydagi nohiya (shahar) mudofaa ishlari boʻlimiga, harbiy xizmatchilar esa oʻzlari xizmat oʻtayotgan joyga kelishlari shart. Safarbarlik eʼlon qilinganida nohiya chaqiruv komissiyalarining chaqiruv yoshidagi fuqarolarni chaqirish muddatini kechiktirish va ularni chaqirishdan ozod etish toʻgʻrisidagi qarorlari bekor qilinadi. Keyinchalik chaqiruv muddatini kechiktirish va chaqirishdan ozod etish faqatgina salomatligiga koʻra, maxsus roʻyxatda turganligiga qarab amalga oshirilishi mumkin.
3. Urush vaqtida safarbarlik eʼlon qilinganida va undan keyingi chaqiriqlarda harbiy xizmatga 17 yoshdan to ushbu Qonunda belgilangan zaxirada boʻlish yoshidagi harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilar hamda harbiy roʻyxatda turmagan 18 yoshdan 45 yoshgacha boʻlgan xotin-qizlar (16 yoshgacha boʻlgan bolalari bor xotin-qizlar bundan mustasno) chaqirilishlari mumkin.
4. Urush vaqtida safarbarlik boʻyicha harbiy xizmatga chaqirish va undan keyingi chaqiriqlar faqatgina mudofaa ishlari boʻlimlari tomonidan oʻtkaziladi.
