37-modda. Davlat idoralari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va harbiy xizmatga majburlarning harbiy roʻyxat qoidalariga rioya etish borasidagi vazifalari
Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida (644-XII-son) · Sana: 03.07.1992 · Amalda
1. Shaxsiy-boshlangʻich roʻyxat yuritish vazifasi yuklatilgan hokimliklar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va oʻquv yurtlarining rahbarlari mudofaa ishlari idoralarining talabiga binoan harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilarni chaqirilayotganliklardan voqif etishlari hamda ularning chaqiruv boʻyicha oʻz vaqtida hozir boʻlishlarini taʼminlashlari shart.
2. Ichki ishlar idoralari:
harbiy roʻyxatga doir hujjatlarda mudofaa ishlari idoralarining harbiy roʻyxatga olinganlik yoki undan chiqarilganlik toʻgʻrisidagi belgilari boʻlgan taqdirdagina harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilarni turar joylarida roʻyxatga olishlari yoki roʻyxatdan chiqarishlari;
chaqirish yoshiga yetmaganlarni harbiy roʻyxatga olishda, fuqarolarning harbiy xizmatga (yigʻinlarga) chaqiruvini oʻtkazishda, harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilar harbiy roʻyxat qoidalariga rioya etishlari ustidan nazorat qilishda va harbiy roʻyxatning belgilangan qoidalarini buzuvchi harbiy xizmatga majburlar hamda chaqiriluvchilarni aniqlashda mudofaa ishlari idoralariga yordam koʻrsatishlari va koʻmaklashishlari;
umumiy harbiy majburiyatni, shuningdek muqobil xizmatni oʻtashdan boʻyin tovlagan shaxslarni qidirib topish, ushlash va mudofaa ishlari idoralariga yetkazib kelishni tashkil etishlari shart.
3. Fuqarolik holati hujjatlarini qayd etish idoralari harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilar oʻz familiyasi, ismi, otasining ismini oʻzgartirganligi toʻgʻrisida, fuqarolik holatini qayd hujjatlariga ularning tugʻilgan kuni va joyiga oʻzgartirishlar kiritilganligi haqida, shuningdek, harbiy xizmatga majbur yoki chaqiriluvchilarning vafoti qayd etilgan hollar toʻgʻrisida yetti kunlik muddat ichida nohiya (shahar) mudofaa ishlari boʻlimlariga maʼlum qilishlari shart.
4. Surishtiruv va dastlabki tergov idoralari surishtiruv va dastlabki tergov olib borilayotgan ishga daxldor boʻlgan chaqiriluvchilar toʻgʻrisida, sudlar esa sud qarab chiqayotgan jinoiy ishga daxldor boʻlgan chaqiriluvchilar toʻgʻrisida, shuningdek harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilarga daxldor boʻlgan qonuniy kuchga kirgan hukmlar toʻgʻrisida nohiya (shahar) mudofaa ishlari boʻlimlariga yetti kunlik muddat ichida maʼlum qilishlari shart.
