25-modda. Harbiy oʻquv yurtlari kursantlari va tinglovchilarining harbiy xizmati
Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida (644-XII-son) · Sana: 03.07.1992 · Amalda
1. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati harbiy oʻquv yurtlariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi va Davlat soliq qoʻmitasi harbiylashtirilgan oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan fuqarolar kursantlarning va (tinglovchilarning) harbiy xizmatida boʻlib, basharti, ular ofitserlar tarkibiga kiruvchi unvonga ega boʻlmasalar — kursantlar deb, agar bunday unvonlarga ega boʻlsalar — tinglovchilar deb ataladilar.
2. Harbiy oʻquv yurtiga kirgunga qadar harbiy unvonga ega boʻlmagan fuqarolarga oʻqishga qabul qilinish chogʻida “oddiy askar” harbiy unvoni beriladi, harbiy oʻquv yurtiga kirgunga qadar berilgan boshqa harbiy unvonlar saqlab qolinadi.
Kursantlarning harbiy xizmatni oʻtashiga doir masalalar Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri tomonidan tasdiqlanadigan “Mudofaa vazirligiga qarashli oliy harbiy oʻquv yurtlari toʻgʻrisida”gi Nizom hamda Oʻzbekiston Respublikasining Qurolli Kuchlari umumqoʻshin ustavlarida belgilab beriladi.
Kursantlar amaldagi qonunlarda nazarda tutilgan huquqlar, imtiyozlar va afzalliklardan foydalanadilar hamda vazifalarni bajaradilar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati harbiy oʻquv yurtlariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi va Davlat soliq qoʻmitasi harbiylashtirilgan oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasalaridan chiqarilgan kursantlar zaxiraga boʻshatiladilar yoki agar, muddatli harbiy xizmat muddatini oʻtamagan boʻlsalar, harbiy xizmatni davom ettirish uchun harbiy qismlarga yuboriladilar.
