22-modda. Harbiy xizmatni oʻtash tartibi, harbiy xizmatda boʻlish yoshining chegarasi
Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida (644-XII-son) · Sana: 03.07.1992 · Amalda
1. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni oʻtash tartibi ushbu Qonun, “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni oʻtashi toʻgʻrisida”gi Nizom bilan belgilab beriladi.
2. Harbiy xizmatda boʻlish yoshining chegarasi:
a) xizmatni bitimga binoan oʻtayotgan askarlar, dengizchilar, serjantlar va starshinalar uchun — 45 yoshgacha;
b) oddiy askarlar, serjantlar va starshinalar tarkibidagi lavozimlarda xizmat qilayotgan xotin-qiz harbiy xizmatchilar uchun, shuningdek praporshchiklar va michmanlar uchun — 45 yoshgacha;
v) kichik ofitserlar uchun — 43 yoshgacha;
g) katta ofitserlar uchun — 45 yoshgacha, polkovniklar (I darajadagi kapitanlar) uchun — 50 yoshgacha;
d) oliy ofitserlar uchun: general-mayor, general-leytenant harbiy unvonidagilarga — 55 yoshgacha, general polkovnik harbiy unvonidagilarga — 60 yoshgacha, armiya generallariga — 65 yoshgacha qilib belgilanadi.
Ilmiy daraja va ilmiy unvonga ega boʻlgan ofitserlarning, shuningdek yuksak kasb mahoratiga, egallab turgan lavozimida amaliy ish tajribasiga ega boʻlgan, salomatligiga koʻra harbiy xizmatni oʻtashga yaroqli ofitserlarning xizmat muddati Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri tomonidan besh yilgacha uzaytirilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri xizmatni bitimga binoan oʻtayotgan askarlar, dengizchilar, serjantlar va starshinalarning, shuningdek praporshchik va michman lavozimidagi harbiy xizmatchilarning, shu jumladan xotin-qiz harbiy xizmatchilarning harbiy xizmatda boʻlish yoshining chegarasini besh yilgacha uzaytirishi mumkin.
Harbiy xizmatda boʻlish yoshining chegarasiga yetgan harbiy xizmatchilar “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni oʻtashi toʻgʻrisida”gi Nizomda belgilangan tartibda zaxiraga boʻshatilishlari lozim.
