2-modda. Harbiy xizmat va zaxiradagi xizmat
Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida (644-XII-son) · Sana: 03.07.1992 · Amalda
1. Harbiy xizmat Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va boshqa harbiy tuzilmalarida umumiy harbiy majburiyatni bajarishlari hamda bitimga binoan xizmat qilishlari borasidagi davlat xizmatining alohida turidir.
Harbiy xizmatning:
muddatli harbiy xizmat;
askar, dengizchi, serjant va starshina, shuningdek praporshchik va michman lavozimlarida bitimga binoan harbiy xizmat;
xotin-qizlar bitimga binoan oʻtaydigan praporshchik va michman, shuningdek askar va serjant lavozimlaridagi harbiy xizmat;
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati harbiy oʻquv yurtlarining, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi va Davlat soliq qoʻmitasi harbiylashtirilgan oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasalarining kursanti (tinglovchisi) sifatida oʻtiladigan harbiy xizmat;
ofitserlar lavozimlarida oʻtaladigan harbiy xizmatdan iborat turlari joriy etiladi.
2. Tinchlik vaqtida zaxiradagi xizmat — oʻquv mashqlari yigʻinida qatnashishdan, urush vaqtida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining, shuningdek Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Strategik Kuchlarining safarbar etilgani va yoyilganida harbiy xizmatga majburlardan harbiylar roʻyxatida qayd etilgan ixtisoslari boʻyicha talab qilinadigan bilim, koʻnikma va mahoratni saqlab qolish hamda takomillashtirishdan iboratdir.
3. Harbiy xizmatga birinchi marta chaqirilgan yoki ixtiyoriy ravishda harbiy xizmatga kirgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari Oʻzbekiston Respublikasining xalqiga va Prezidentiga sodiq ekanliklari toʻgʻrisida harbiy qasamyod qabul qiladilar.
Muqaddam harbiy qasamyod qabul qilmagan harbiy xizmatga majburlar yigʻinga yoki safarbarlikka chaqirilgan vaqtda harbiy qasamyod qabul qiladilar.
