1-modda. Umumiy harbiy majburiyat
Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida (644-XII-son) · Sana: 03.07.1992 · Amalda
1. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq mamlakatni mudofaa qilish davlatning eng muhim vazifalaridan biri boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi hududida istiqomat qiluvchi barcha fuqarolarning vazifasidir. Oʻzbekiston Respublikasini tashqaridan boʻladigan qurolli tajovuzdan himoya qilish Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining Konstitutsiyaviy burchidir.
2. Umumiy harbiy majburiyatning mazmuni Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolarini oʻz mamlakatlarini qurolli himoya qilish uchun majburiy harbiy tayyorgarlikdan oʻtkazishdan iborat boʻlib, respublika Qurolli Kuchlarini butlash va rezerv tayyorlashni taʼminlash maqsadlarida joriy etiladi.
3. Umumiy harbiy majburiyat fuqarolarni harbiy xizmatga tayyorlashni, chaqiruv uchastkalarida qayd etishni, harbiy xizmatga chaqirishni, harbiy xizmatni (chaqiruv boʻyicha va ixtiyoriy ravishda) oʻtashni, zaxirada xizmat qilishni, harbiy roʻyxatdan oʻtish qoidalariga rioya etishni, umumiy harbiy taʼlim berishni (urush davrida) qamrab oladi.
4. Ushbu Qonunni bajarish Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari, davlat boshqaruvining markaziy idoralari, hokimliklar, jamoat birlashmalari, oʻquv yurtlari, muassasalar, korxonalar, jamoa xoʻjaliklari, kooperativlar hamda idoraviy boʻysunuvi, mulkchilik shakli va xoʻjalik yuritish shart-sharoitlaridan qatʼi nazar, boshqa tashkilotlar zimmasiga yuklatiladi.
Umumiy harbiy majburiyat Oʻzbekiston Respublikasining hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qiluvchi ajnabiy shaxslar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga taalluqli emas.
5. Ushbu Qonunga muvofiq Oʻzbekiston fuqarolaridan:
chaqiruv uchastkalarida qayd etilgunga qadar chaqiruvchiga boʻlgan tayyorgarlikni oʻtayotgan shaxslar — chaqiruv yoshiga yetmagan shaxslar;
chaqiriluvchilar hisobida turgan shaxslar — chaqiriluvchilar;
haqiqiy harbiy xizmatni oʻtayotgan shaxslar — harbiy xizmatchilar;
Qurolli Kuchlarning zaxirasi hisobida turgan shaxslar — harbiy xizmatga majburlar;
turli sabablarga koʻra harbiy roʻyxatga olinmagan yoki bu roʻyxatdan chiqarib yuborilgan, shu jumladan isteʼfoga oʻtkazilgan shaxslar — harbiy xizmatga majbur boʻlmagan shaxslar deb ataladi.
6. Erkak fuqarolar, basharti, salomatliklari va yoshlari nuqtai nazaridan harbiy xizmatni oʻtashga yaroqli boʻlsalar, harbiy xizmatga chaqirilishlari shart.
