25-modda. Nogironlarni ish bilan taʼminlash
“Oʻzbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-162-son) · Sana: 11.07.2008 · Amalda
Xodimlarining soni yigirma kishidan ortiq boʻlgan korxonalarda, muassasalar va tashkilotlarda mahalliy davlat hokimiyati organlari nogironlarni ishga joylashtirish uchun xodimlar sonining kamida uch foizi miqdorida ish joylarining eng kam sonini belgilaydi va zaxirada saqlaydi.
Nogironlarni ishga joylashtirish uchun ish joylarining eng kam sonini yaratishga doir mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini bajarmaganlik uchun tashkilotlarning mansabdor shaxslari maʼmuriy javobgarlikka tortiladi.
Maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganligi tashkilotlarni ushbu Qonunning nogironlarni ish bilan taʼminlashga doir talablarini bajarish majburiyatidan ozod etmaydi.
Nogironlar mehnatidan foydalanish uchun nogironlarning ehtiyojlarini va mahalliy xususiyatlarni hisobga olgan holda ixtisoslashtirilgan korxonalar, sexlar va uchastkalar tashkil etiladi. Koʻzi ojiz nogironlar sharoitlari oʻz imkoniyatlariga mos keladigan ishlab chiqarishda ishtirok etishda imtiyozli huquqqa ega.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari, tashkilotlar uyda ishlovchi nogironlarga, shuningdek tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi nogironlarga mazkur faoliyat uchun yashashga moʻljallanmagan joylar berilishida, xomashyo olishi va mahsulot sotishida zarur yordam koʻrsatadi.
