14-modda. Nogironni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturi
“Oʻzbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-162-son) · Sana: 11.07.2008 · Amalda
Nogironni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturi tibbiy-ijtimoiy ekspertiza asosida ishlab chiqilgan, nogiron uchun eng maqbul reabilitatsiya qilish chora-tadbirlari kompleksi boʻlib, u organizmning izdan chiqqan yoki yoʻqolgan funksiyalarini, shuningdek nogironning mehnat faoliyati muayyan turlarini bajarishga boʻlgan qobiliyatlarini tiklashga, ularni kompensatsiya qilishga qaratilgan tibbiy, kasbiy reabilitatsiya qilish chora-tadbirlarini hamda reabilitatsiya qilishning boshqa chora-tadbirlarini roʻyobga chiqarishning ayrim turlari, shakllari, hajmlari, muddatlari va tartibini oʻz ichiga oladi.
Nogironni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturi tashkilotlar bajarishi uchun majburiydir.
Nogironni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturi nogiron uchun tavsiya tusiga ega boʻlib, nogiron reabilitatsiya qilish chora-tadbirlarining u yoki bu turini, shaklini va hajmini, shuningdek dasturning amalga oshirilishini butunlay rad etishi mumkin. Nogiron oʻzini muayyan texnika vositasi yoki boshqa vosita yoxud reabilitatsiya qilish turi, shu jumladan avtomobillar, oʻrindiqli aravachalar, protez-ortopediya buyumlari, maxsus harfli matbaa nashrlari, ovoz kuchaytirgich apparatlar, signalizatorlar, subtitrli yoki surdo tarjimasi boʻlgan videomateriallar, boshqa shunga oʻxshash vositalar bilan taʼminlash toʻgʻrisidagi masalani mustaqil ravishda hal qilishga haqlidir.
Nogironlarga reabilitatsiya qilishning texnika vositalarini taqdim etish va reabilitatsiya xizmatlari koʻrsatish, qoida tariqasida, natura shaklida amalga oshiriladi.
Agar nogironga nogironni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturida nazarda tutilgan texnika vositasini taqdim etishning yoxud xizmat koʻrsatishning imkoni boʻlmasa yoki agar nogiron oʻz hisobidan tegishli vositani olgan yoxud xizmat uchun haq toʻlagan boʻlsa, unga nogiron uchun taqdim etilishi lozim boʻlgan texnika vositasining yoxud koʻrsatilishi lozim boʻlgan xizmatning qiymati miqdorida kompensatsiya toʻlanadi.
Nogiron reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturini butunlay rad etgan yoki bu dasturning ayrim qismlari roʻyobga chiqarilishini rad etgan taqdirda, tegishli tashkilotlar mazkur dasturning yoki dastur ayrim qismlarining bajarilmaganligi uchun javobgar boʻlmaydi.
