5-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining reglamenti (49-I-son) · Sana: 05.05.1995 · Amalda
Oliy Majlis sessiyalari Oliy Majlis Raisi tomonidan zaruratga qarab, bir yilda kamida ikki marta chaqiriladi.
Oliy Majlis Raisi “Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 13-moddasiga muvofiq sessiyani chaqirish toʻgʻrisidagi masalani Oliy Majlis Kengashi muhokamasiga kiritishga haqlidir. Bunday hollarda sessiya Oliy Majlis Kengashi tomonidan chaqirilib, shu xususda qaror qabul qilinadi.
Sessiyani chaqirish toʻgʻrisidagi qaror hamda uning muhokamasiga kiritiladigan masalalar haqidagi axborot Oliy Majlis deputatlariga va aholiga oldindan maʼlum qilinadi.
Oliy Majlis muhokamasiga kiritilayotgan qonunlar, qarorlar va boshqa hujjatlarning loyihalari deputatlarga oldindan, qoida tariqasida, sessiya ochilishidan kamida oʻn kun oldin taqdim etiladi.
Oliy Majlis sessiyasiga tayyorgarlik koʻrish uchun ishchi guruhi tuzilishi mumkin.
Oliy Majlisning sessiyasi qayerda va qachon oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi, shuningdek sessiyaga kelayotgan deputatlar qayerda va qachon roʻyxatga olinishi haqidagi xabar sessiya ochilishidan kamida uch kun oldin respublika va viloyat gazetalarida eʼlon qilinadi, televideniye va radio orqali oʻqib eshittiriladi.
Sessiyaga kelish imkoni boʻlmagan taqdirda deputat bu haqda Oliy Majlisning rahbarlaridan biriga xabar qiladi.
