17-modda. Chet el valyutasi bilan operatsiyalar qilish va tashqi iqtisodiy faoliyat
Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida (205-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq kelgan va xalqaro amaliyotda foydalaniladigan chet el valyutasidagi har qanday operatsiyalarni respublikada va chet ellarda amalga oshirishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki:
Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy, valyuta va oʻzga manfaatlarini taʼminlashga koʻmaklashgan holda hukumatlararo savdo, toʻlov bitimlarining (shartnomalarning, moʻljal bayonlarining) valyuta-moliya shartlarini ishlab chiqishda qatnashish;
hukumatlararo bitimlarga, (shartnomalarga, moʻljal bayonlariga) muvofiq ravishda “rubl” zonasiga kiruvchi davlatlar va boshqa davlatlarning Markaziy hamda milliy banklari bilan oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida shartnomalar tuzish;
chet el valyutasida aksiyalar, obligatsiyalar va oʻzga qimmatbaho qogʻozlar sotib olish, chet el valyutasidagi foydadan valyuta fondlari hosil qilish;
tashqi iqtisodiy operatsiyalar boʻyicha banklarning faoliyatini muvofiqlashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasi pul birligining chet el valyutasiga nisbatan boʻlgan kursini tartibga solish, bu pul birligini mustahkamlash yuzasidan chora-tadbirlar belgilash va ularni amalga oshirish;
litsenziyalar berish qoidalarini belgilash va tijorat hamda chet el banklariga, (ularning shuʼbalari va vakolatxonalariga) shuningdek, chet el kapitali ishtirokidagi banklarga valyuta boyliklari bilan bank operatsiyalari oʻtkazishga litsenziyalar berish;
Oʻzbekiston Respublikasining pul-kredit siyosatiga muvofiq ravishda banklar uchun chet ellardan kreditlar jalb etish hajmlarini va ular boʻyicha foiz stavkalari darajasini cheklashni joriy etish;
oʻz huquqlarining muayyan qismini tijorat banklariga oʻtkazish huquqiga egadir.
