8-modda. Boshqaruv qoʻmitasi
Mahsulot taqsimotiga oid bitimlar toʻgʻrisida (312-II-son) · Sana: 07.12.2001 · Amalda
Bitimni amalga oshirish jarayonida taraflarning oʻzaro hamkorligini taʼminlash maqsadida investor va vakolatli davlat organi yoki vakil qilingan kompaniya birgalikda taraflarning har biridan teng vakillik asosida boshqaruv qoʻmitasini tuzadilar.
Boshqaruv qoʻmitasining raisi investor tomonidan tayinlanadi.
Boshqaruv qoʻmitasi:
bajariladigan ishlarning yillik ish dasturlarini va loyihalarini tasdiqlaydi;
foydali qazilmalarni kavlab olishning yillik istiqbol koʻrsatkichlarini tasdiqlaydi;
konlarni aniqlash, qidirish va foydali qazilmalarni kavlab olish yillik budjetlarini tasdiqlaydi;
qarzlarni jalb qilish shartlarini tasdiqlaydi;
auditorlik tashkilotini tasdiqlaydi;
ishlar amalga oshirilishi munosabati bilan kontraktlar taqdim etish uchun tender kim oshdi savdolarini oʻtkazishni tashkil qilishda investorga koʻmaklashadi;
foydali qazilmalarni tijorat asosida qazib olish boshlangan kunni tasdiqlaydi;
atrof muhitni muhofaza qilish dasturlarini tasdiqlaydi;
haqiqatda qancha foydali qazilmalar kavlab olinganligi hamda mahsulotning investorga tegishli qismi toʻgʻrisidagi hisobotlarni tasdiqlaydi;
tugatish jamgʻarmasining miqdorini tasdiqlaydi.
Boshqaruv qoʻmitasi bitimga va ushbu Qonunga muvofiq boshqa vakolatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
