25-modda. Investor huquqlarining davlat kafolatlari
Mahsulot taqsimotiga oid bitimlar toʻgʻrisida (312-II-son) · Sana: 07.12.2001 · Amalda
Investorga u bitimga muvofiq qoʻlga kiritgan va amalga oshirayotgan mulkiy hamda boshqa huquqlari himoya qilinishi kafolatlanadi.
Agar davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining hujjatlari investorning bitimga muvofiq qoʻlga kiritgan va amalga oshirayotgan huquqlariga cheklashlar belgilaydigan boʻlsa, mazkur hujjatlar investorga nisbatan tatbiq etilmaydi, tegishli tekshiruv va nazorat organlarining ishlarni bexatar olib borish, yer osti boyliklarini, atrof muhitni va fuqarolar sogʻligʻini muhofaza qilish maqsadida qonunchilikka muvofiq beriladigan koʻrsatmalari bundan mustasno.
Ushbu Qonun kuchga kirgunga qadar tuzilgan mahsulot taqsimotiga oid bitimlar ularda belgilangan shartlarga muvofiq ijro etilishi lozim. Bunda ushbu Qonunning qoidalari mazkur bitimlarga nisbatan, uning qoʻllanilishi bunday bitimlarning shartlariga zid kelmaydigan darajada hamda investorlarning ana shu bitimlarga muvofiq qoʻlga kiritgan va amalga oshirayotgan huquqlarini cheklab qoʻymaydigan darajada qoʻllaniladi.
